Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya Qashqadaryodagi loyihalarga jami 888 nafar bangladeshlik ishchini jalb etishni rejalashtirgan. Dastlabki guruh yetib kelgani ma’lum bo‘lgach, jamoatchilik va rasmiylarda e’tirozlar uyg‘onishi fonida, qolgan ishchilarning olib kelinishi masalasi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu holatdan xabarsizligini bildirib, bangladeshlik ushbu mehnat muhojirlarining O‘zbekistonda ishlashi uchun ruxsatnoma bermagani, bu borada murojaat kelib tushmaganini ma’lum qildi. Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonga xorijdan ishchi kuchini ruxsatnoma olmay jalb qilish taqiqlangan. Shuningdek, xorijdan taklif etilgan har bir xodim uchun ish beruvchi belgilangan tartibda tasdiqnoma olishi talab etiladi.

Pandemiya davrida ishsizlik darajasi ortgan bir paytda, Qashqadaryoga xorijdan yuzlab ishchilar olib kelinayotgani qator savollarni uyg‘otmoqda. Bobur Akmalov «KUN. MUNOSABAT» ruknida Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyevning shu masaladagi fikrlari bilan qiziqdi.

«Bizda ishsizlik juda katta muammolardan biri. Aholining katta qismini aynan yoshlar tashkil qiladi. Bundan tashqari, har yili 500 mingga yaqin yangi ishchi kuchi qo‘shilib keladi va ular uchun ish o‘rni yaratish talab qilinadi.

Hozir bizda birdaniga katta ish o‘rinlarini yaratib, ishsizlik muammosini qisqa muddatda yechish imkoniyati yo‘q. Shundan kelib chiqib, mehnat migrantlari chetga borib ishlashi bizga kerak va bu tabiiy jarayon. Hozir davlat siyosatining maqsadi ham bu jarayonni bosqichma-bosqich qisqartirish bo‘lyapti. Ya’ni tadbirkorlik orqali ko‘proq ish o‘rinlari yaratib O‘zbekiston fuqarosi o‘z vatanida, oilasi bag‘rida yashasin, degan oliy maqsad qo‘yilgan.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Biz global dunyoda yashayapmiz va integratsiya hisobiga tovarlar, insonlar harakati erkin bo‘lishi kerak. Ya’ni biz chetga chiqa olganimizdek, qolganlar ham bizga kela olishi kerak. Bu bilan biz chet ellik kelmasin, deyishimiz ham noto‘g‘ri. Bizda bo‘lmagan ma’lum bir soha mutaxassislari davlatimizga kelishi iqtisodiyotimiz rivoji uchun, yangi ish o‘rinlarini o‘zimizda yaratishimiz uchun bevosita yoki bilvosita foydali bo‘lishi mumkin.