Xolmuhammedovga ko‘ra, BMTning maorif, fan va madaniyat bilan shug‘ullanuvchi «UNESCO» tashkiloti talabiga asosan 9 yillik ta’lim majburiy hisoblanadi.
«Bundan keyingi ta’limni esa davlatlar o‘zi tanlaydi, kimdir 9, 10, 11 yoki 12 yillik. Bunda ular o‘z ta’lim siyosatidan kelib chiqadi.
Siz aytgan 12 yillik ta’lim asosan Yevropa davlatlarida amal qiladi. Lekin xorijda asosiy ko‘rsatkich bolalarning kompetensiyasi (bola kompetensiyasi — ma’lum bir yosh davriga xos bo‘lgan vazifalarni maqsadli bajarish uchun yetarli bo‘lgan bolaning bilimi, ko‘nikmasi va malakalari hamda qadriyatlari – tahr.) bilan baholanadi.
Bir misol keltiraman. Bilasiz, ko‘plab davlatlarda IELTS imtihoni natijalari qabul qilinadi. Bu imtihondan o‘tganlik sertifikati bilan borsangiz u yerda sizdan qayerda, necha yil o‘qiganingiz so‘ralmaydi.
Rivojlangan davlatlar xalqaro talablar bilan mos bo‘lishi uchun 12 yillik ta’limni talab qiladi.
Bizda ta’lim tizimida qilingan islohotning asosiy mohiyati ta’limda sifatni ta’minlashga qaratildi. Yil, dasturlar emas, aynan sifatga», – dedi vazir o‘rinbosari 16 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Xolmuhammedov o‘z nutqida ta’limning sifatini ta’minlashda o‘rta ta’lim asosiy poydevorlardan biriligi, shuning uchun ham 11 yillik maktablarni qayta tiklash konsepsiyasi kiritilganini ta’kidlar ekan, 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy ta’limning kamchiliklarini ham sanab o‘tdi.
«Har bir joyda ta’limning o‘z texnologiyalari bor. Biz ana shu texnologiyalarga kamroq e’tibor qaratganmiz. Har qanday texnologiyalar kabi ta’lim texnologiyasi ham chet elda ancha rivojlanib ketgan. Ta’limda boshqacha rejalashtiriladi. O‘quv rejalar ham boshqacha. O‘qituvchiga ham, o‘quvchiga ham asosan ta’limning natijasi vazifa sifatida qo‘yiladi. Siz necha yil ishlashingizdan qat’i nazar, shu natijaga kelishingiz kerak. Shu masala ham bizda ochiq bo‘lgan.
Hammamiz anglab yetdiki, maktab baquvvat bo‘lsa, undan keyingi bosqichlar ham oson quriladi. O‘ylaymanki, biz shuni asosiy indikator, maqsad qilib olsak natija bo‘ladi», – dedi u.















