Mehnat migratsiyasi - jahon iqtisodiyotining ajralmas qismi. Xorijiy davlat fuqarolari ko‘plab sohalarda ishlashiga ko‘nikib ulgurdik. Biroq Samara oblastida xorijlik fuqarolar uchun qonuniy ishlash qanchalik oson ekani haqida ko‘pchilik o‘ylab ham ko‘rmaydi. Shunga qaramay, xatarlar mavjud. Rossiyaga ishlash uchun keluvchi har bir odam bir necha narsani rejalashtiradi: ishonchli ish beruvchi hamda hamyonbop narxda turar joy topish. Eng ahamiyatlisi, mamlakatda bo‘lish muddatlari qoidalarini buzmasdan qonuniylashtirish protsedurasidan qanday va qayerda o‘tish. Ko‘pincha xorijlikning ushbu marshrutida ularga “soyadagi vositachilar” yo‘ldosh bo‘ladi. Ular xorijliklarning Rossiya Federatsiyasi qonunlarini bilmasligi ortidan pul ishlaydi, ko‘p hollarda o‘z xizmatlari uchun rasmiy xarajatlar narxidan bir necha baravar yuqori to‘lov oladi. Bundan ham yomoni migrantning qalbaki hujjatlar bilan savdo qiluvchi dallol qo‘liga tushib qolishi. Bu kabi vaziyatlardan himoyalanish oson emas. Ana shunday to‘siqlarni bartaraf etish uchun «Migrant Servis» dasturiy mahsuloti ishlab chiqildi.
Samara oblasti xorijiy fuqarolarni ishga rasmiylashtirish uchun mo‘ljallangan mobil servis ish boshlagan pilot hududga aylandi. Funksionalligi jihatidan u bir nuqtada bir necha amaliyotlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari portalini yodga soladi. Xorijiy davlat fuqarosi o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tadi, Rossiyaga kelish sanasini ko‘rsatadi va barcha xizmatlar uchun to‘lov hamda bojlarni to‘lab, qabulga yoziladi. O‘z-o‘zidan, belgilangan vaqtda xorij fuqarosi hech qanday navbat kutishlarsiz patentni rasmiylashtirish uchun “Mnogofunksionalnyy migratsionnyy sentr»(Ko‘p funksiyali migratsiya markazi)ga keladi. Qabul vaqti minimum darajada qisqartirilgan. Hujjatlar topshirilgach, tizim ular qachon tayyor bo‘lishi haqida xabar beradi va tayyor patentni olib ketish kunini taklif etadi.
Servis «Android» tizimi uchun mobil ilova ko‘rinishida ishlangan. Uni yaratishdan oldin ekspertlar migrantlar oqimi, ularning foydalanuvchi sifatidagi istaklari va talablari bo‘yicha jiddiy tadqiqot o‘tkazishgan. Har bir mintaqa o‘ziga xos jihatlarga ega va ish davomida geografik omil ham hisobga olingan. Samara oblasti Qozog‘iston bilan chegaradosh. U orqali tranzit bilan O‘zbekiston fuqarolari ham Rossiyaga keladi. Mintaqa hududida patentni rasmiylashtiruvchi fuqarolarning taxminan 80 foizi mamlakatimiz vakillaridir. Aynan shuning uchun ham servisni ishlab chiquvchilar eng avvalo ularga e'tibor qaratishgan. Mobil ilova hozircha ikki til – rus va o‘zbek tillarida. Biroq uni takomillashtirish jarayonida boshqa xorijiy tillarni qo‘shish ham rejalashtirilmoqda. Shuningdek, loyiha Rossiya Federatsiyasining boshqa sub'yektlari hisobiga ham kengayishi mumkin.













