«Soliq kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi sababli ushbu imtiyozlar bekor qilindi. Imtiyozlarning o‘z kuchini yo‘qotishi kodeks qabul qilinishi (2020 yil 1 yanvar – tahr.) bilan amal qiladimi yoki yo‘qmi? Moliya vazirligi bilan kelishib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozlar 2020 yil 1 aprelga qadar amal qilinishi inobatga olinmoqda. Bu masala yuzasidan vazirlik va qo‘mitaning qo‘shma xati hududlarga tez orada yuboriladi», — dedi DSQ raisining birinchi o‘rinbosari Mirzayev.
Mubin Mirzayevning ta'kidlashicha, ayni paytda soliq organlari tomonidan imtiyozlar bekor qilinishi natijasida 1 yanvardan soliq solinishi haqidagi tadbirkorlik sub'yektlariga yuborilgan talabnomalar chaqirib olinadi.
2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 473-moddasiga muvofiq, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga faqat mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari berilgan.
Shuningdek, Soliq kodeksining 75-moddasida «QQS bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan, tovarlar O‘zbekiston hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilishi mumkin emasligi» hamda 266-moddasida barcha soliq to‘lovchilar «budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini aniqlashda faqat to‘langan soliq summalarini hisobga olishi» belgilandi.











