20 noyabr kuni Moliya vaziri Timur Ishmetov Twitter’dagi akkaunti orqali O‘zbekiston tarixida ilk bor xalqaro moliya bozorlarida milliy valuta – so‘mda – 2 trillion so‘m hajmida suveren obligatsiyalar London fond birjasida joylashtirilganini ma'lum qildi.
«Ushbu yutuq o‘zbek so‘mini moliya bozorlarida o‘z o‘rnini topishiga dadil qadam bo‘lsin», — deya tilak bildirgan vazir.
Avvalroq O‘zbekiston hukumati London fond birjasida navbatdagi yevrobondlarni joylashtirishi haqida xabar berilgandi. Bu gal AQSh dollari bilan birga, o‘zbek so‘mida ham denominatsiya qilingan xalqaro suveren obligatsiyalar chiqarilib, 750 mln dollar qarz jalb etilishi nazarda tutilgan.
Investorlar takliflariga binoan, 750 mln AQSh dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar 2 transhda – 10 yillik muddat bilan AQSh dollarida va 3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida chiqarildi.
Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, London fond birjasida joylashtirish bo‘yicha boshlang‘ich stavkalar mos ravishda 4,25 foiz atrofida va 15,25 foiz atrofida belgilangan.
Qayd etilishicha, xalqaro obligatsiyalarning milliy valutada chiqarilishi valuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.
Iyun oyida Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov hukumat milliy valutada 500 million dollar ekvivalentidagi yevroobligatsiyalar chiqarishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgandi







