Tumandagi «Oqqo‘rg‘on» masjidida xizmat qiluvchi Rustamjon Hamidov suhbat davomida diniy ta'lim, xayriya va dinga jamiyatning munosabati, muhtojlarga e'tibor haqida mulohazalarini bildirdi.

— Sizning shakllanishingizda, shaxs sifatida kamolga yetishingizda kimlarning o‘rni, ta'siri bo‘ldi?

— Bismillahir rohmanir rohiym. Uchrashuvlarda savol-javoblardagi meni eng hayajonlantiradigan, «shu savol bo‘lmasaydi», degan savollardan biri. Yoshligim sal og‘irroq o‘tgan. Bizda qishloqda ena (buvi – tahr.) deb aytamiz, enam bilan katta bo‘lganman. Taqdir shunday bo‘lgan. Menimcha, shu bugungi faoliyat – imomlik ham, xayriyalarning amalga oshirilishining asosiy sababi – shu, enamizning ikkita narsada ta'siri bo‘lgan. Birinchisi – juda dindor odam edilar, ko‘p ibodat qilardilar. Ikkovimizning suhbatimiz asosan dindan, eskilarimizni, ulug‘larimizning odob-ahloqlaridan bo‘lardi. Ikkinchi ta'sir – yetimlikda katta bo‘lganim ta'siri.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) ham yetim bolalarni yaxshi ko‘rardilar, mehribon edilar. O‘zlari yetimlikda katta bo‘lganliklari uchun bu narsaga ko‘p e'tibor berardilar. Albatta, o‘sha kunlar hayotimizga ta'sir qilgan.

— Aytib bera olasizmi, suhbatlarda, siz yolg‘iz qolib, sizga saboq bergan paytlardan ko‘proq nimalarni eslaysiz? Balki hanuzgacha jaranglab turgan gaplar bordir, kitoblardan aytilgan iqtiboslar bordir.

— Ko‘proq eski zamonlardan gapirib bergan. Enam 10-yilda (1910 yillar nazarda tutilmoqda – tahr.) tug‘ilganlar. Eskilardan eshitgan o‘zlaridan avvalgi 50-60 yillikni eslaydilar. O‘sha vaqtdagi odamlardagi oqibatni qo‘msayman. Yaxshiliklar, bir-biriga mehribonliklar, ayniqsa urush davrlarini xuddi ko‘rgandekman. Har kungi bo‘lgan voqealarni aytib berardilar. Eng asosiy narsa – halollikka qattiq turardilar. Yosh bolaman – qo‘shnimizning o‘rigidan, olmasidan olgan bo‘lishim mumkin. Shuni bilib qolsalar, xafa bo‘lib qolardilar. U kishini xafa qilmaslik uchun ko‘p narsaga tayyor edim, menga ko‘p mehribonchilik qilganlar, Xudo rahmat qilsin.

— Keyinchalik bu yo‘lda sobit bo‘lishga yana nima turtki bo‘ldi?

— Enamning ta'limini qarang-da: odamlarga foydang tegsin, derdi. Odamlarga foydasi tegadigan ikkita kasb bor, derdi. Birinchisi, odamlarning uyini quradigan usta, gaplarini qarang. Qiyomat qoyim bo‘lganida odamlarga hunar bilan yordam bergan sartarosh, duradgor ustalarni qiyomat kuni qo‘llaridan  nur chiqadi, derdi. Shunda menda ana shu kasbga ishq paydo bo‘ldi. Yoshligimdan duradgor bo‘lishni xohlab, bir tog‘amiz ana shunday usta edi, shu kishiga shogird tushdim. Bu odam ham diniy ta'limi bor odam.