Oktyabr oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi A.S. 10 ming dollar pora so‘rab, shundan 1200 dollarini olgan vaqtda hibsga olingan.
Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz'ga voqeaning ayrim tafsilotlarini ochiqladi.
Ma'lum bo‘lishicha, sudya A.S. fuqaro X.R.ning 3 oktyabrda Xorazm viloyat prokuraturasiga bergan arizasi asosida, 4 oktyabr kungi tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
U fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudida ishlovchi hamkasbi, sudya J.M.ga pora berish orqali, J.M. ko‘rib chiqayotgan ishni X.R. foydasiga hal qilib berishini aytgan.
Ushbu sud ishi X.R.ning da'vo arizasi asosida ochilgan bo‘lib, u suddan Xiva shahri, Lolazor mahallasi, Zuhra ko‘chasida joylashgan, 800 kv metr yer maydonidan iborat, qurilishi tugallanmagan uy-joyning oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘ragan.
4 oktyabr soat 14:30larda prokuratura va ichki ishlar xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining sudyasi A.S. fuqaro X.R.ning Urganch shahridagi uyida, talab qilingan 10 ming dollardan kimyoviy ishlov berilgan 1200 dollarni olgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ertasiga, 5 oktyabr kuni Sudyalar oliy kengashi A.S.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari va 28, 211-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risida xulosa bergan. Shu kuni Oliy sud Plenumining A.S.ni jinoiy javobgarlikka tortish va qamoqqa olishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori chiqqan.
Shuningdek, Sudyalar oliy kengashining 5 oktyabrdagi qarori bilan, A. S. lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.
«Hozirgi kunda ushbu jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda», – deyiladi Oliy sud axborotida.
Korrupsioner sudyalarning ko‘rinib qolgan qilmishlari
Qayd etish joiz, yuqorida tafsilotlari keltirilgan jinoyat haqida jamoatchilikka Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ma'lum qilgan edi. U bir necha kun oldin Oliy suddagi konferensiyada bu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tgandi.

















