O‘zbekiston | 10:30 / 11.12.2020
3772
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vazirligi «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» oldidagi qurilish loyihasini qayta ko‘rib chiqadi

Urganchdagi yagona tarixiy obida - «Doshqinjon bobo ziyoratgohi» oldidagi qurilish loyihasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti ishchi guruhi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi.

Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti «Urganchdagi yagona tarixiy obida yana xavf ostida. Madaniyat vazirligi uning oldidagi qurilish loyihasini ma'qullagan» sarlavhali maqolaga munosabat bildirib, ushbu loyiha ilmiy kengashda qayta ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

«Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi qoshidagi Ilmiy-metodik kengashi 2019 yil 22 fevraldagi 21-sonli yig‘ilish bayonnomasining 29-bandiga asosan "Doshqinjon bobo" majmuasi madaniy meros obekti binosining shimoliy-sharq tomonidan qurilish rejalashtirilgan kitob do‘koni, bino balandligini yer sathidan olti metrdan oshirmaslik va Xorazm me'morchilik maktabi an'analarini inobatga olgan holda amalga oshirish sharti bilan ma'qullansin, deb xulosa qilingan va Bosh boshqarma boshlig‘i komissiya raisi A.Irgashev tomonidan loyiha taklifi imzolanib, tasdiqlangan.

Mazkur masalaga yanada chuqurroq oydinlik kiritish maqsadida Madaniy meros Departamenti tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat joyida o‘rganiladi. O‘rganish natijasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 265-sonli qaroriga asosan Ilmiy-ekspert kengashida loyiha taklifini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Madaniyat vazirligi jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib turgan mazkur masalani o‘rganishda ommaviy axborot vositalari, jumladan Kun.uz muxbirining ishtirokini ham ta'minlaydi degan umiddamiz.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid