O‘zbekiston | 14:36 / 14.12.2020
28446
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yil tadbirlari va koronavirus bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Yangi yil yaqinlashgani sari barcha bozorlar, do‘konlar odamlar bilan to‘lib-toshadi. Bu yangi yilning avvalgilaridan farqli tomoni shuki, bu safar uni koronavirus bilan birga kutib olishga to‘g‘ri keladi. 

Foto: KUN.UZ

Yangi yil tadbirlari, sayllar, tomoshalar kabi odam ko‘p yig‘iladigan yig‘inlar koronavirus tarqalishi uchun sharoit yaratib berishi turgan gap. Xo‘sh, mutaxassislar bu masalaga qanday qaraydi? CCV Matbuot xizmati shu savol bilan vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayevga murojaat qildi:

–  Inson immun tizimi soatdek to‘g‘ri ishlab turishi uchun inson sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi kerak, muntazam sport bilan shug‘ullanishi va zararli odatlardan voz kechishi shart. Bularning barchasi insonga bog‘liq bo‘lgan mezonlardir, – deydi E'zozbek Rizayev. –  Lekin insonga bog‘liq bo‘lmagan mezonlar ham bor. Bular – tashqi muhitning noqulay bo‘lishi (o‘ta sovuq harorat yoki o‘ta issiq), kuchli shovqin (musiqa ohangi 80 detsibel va undan yuqori bo‘lishi), tashqi muhitda kislorod miqdorining kamayishi (yopiq pavilon, tamaki tutuni, insonlar sonining ko‘p bo‘lishi) inson immun tizimining zo‘riqishiga olib keladi. Natijada, kasallik yuqtirib olish va kasallanish xavfi bir necha barobarga ortib ketadi. 

Mamlakatda karantin talablarini biroz yumshatilganligi, davolanish ko‘rsatkichlarining 97 foizga yetgani bu – “biz koronavirusni yengdik” degani emas, albatta. Biz hozircha faqatgina bu ko‘rsatkichlarni muqobillashtirishga muvofiq bo‘ldik, xolos. 

Endilikda kasallikni to‘liq yengish uchun ogohlikni yo‘qotmasligimiz kerak. Bu ishda esa biz har birimiz mas'ulmiz. Kuni kecha asosiy qomusimiz – Konstitutsiya qabul qilingan kunini nishonladik. Oldinda esa yangi yil bayrami eshik qoqmoqda. 

Bayram chiroyli va xursandchilik bilan o‘tishini istagan holda, biz shifokorlar yangi yil bayramini uyda, oila davrasida, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazishni tavsiya qilamiz. O‘sha kuni mehmonga borish yoki mehmon chaqirish tavsiya etilmaydi. 

Shuning uchun ham Respublika maxsus komissiyasi bayonotida viloyat, tuman va shaharlardagi bayram archalarini ochiq osmon ostida o‘rnatish tavsiya etildi. 

Bayram korporativ o‘tirishlari, turli xil diskotekalar – sizning salomatligingizga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Ayniqsa, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, maktablar hamda oliy o‘quv yurtlarida turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish yoshlar salomatligiga jiddiy xavf soladi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini ko‘p iste'mol qilish esa, o‘pka, jigar va buyrakni shikastlanishiga olib keladi. Bu holat immun tizimimizning susayishi va kasallikka chalinishi, shuningdek, kasalliklarni tez tarqalib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotida.

Vazirlik dunyodagi epidemik vaziyat hamon tahlikali bo‘lib qolayotganini inobatga olib, mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilish muhim ekanini eslatib o‘tgan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribasini inobatga olgan holda jamoat joylarida niqobdan foydalanishga jiddiy ahamiyat berish lozim. Respublika maxsus komissiyasining bayonotida ko‘zda tutilgan yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalariga amal qilish har birimizning sog‘lig‘imiz uchun nihoyatda muhimligini unutmaylik, deyiladi SSV xabarida

Mavzuga oid