Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan tadbirkor Elyor Qudratov murojaat qilib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritishda boshqa yuridik shaxslar tomonidan to‘sqinlikka duch kelayotgani va tuman ma'muriy sudidan noroziligini bildirdi.

Tadbirkor Elyor Qudratov

Ma'lum bo‘lishicha, Elyor Qudratovga Yakkabog‘ tuman hokimining 2020 yil 8 maydagi HQ-776/05-sonli qarori bilan tumandagi “Jambul” MFY hududidagi tuman zaxira yer fondidan 0,23 gektar yer issiqxona tashkil etish uchun ajratilgan.

Qayd etish lozimki, tuman hokimligi ushbu hududda yana uchta tadbirkorga issiqxonalar tashkil qilish uchun yer maydoni ajratib bergan.

Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Yakkabog‘ tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqish yuzasidan umumiy 50 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etish to‘g‘risida bergan topshirig‘i asos qilib olingan.

Elyor Qudratovga issiqxona uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida hokim qarori va yer uchastkasi ajratish kelishilgan tashkilotlar

Elyor Qudratov yer maydoni uchun tegishli tashkilotlarning barchasidan texnik xulosalarni olib, issiqxona barpo etish uchun kirishganida uning ishi to‘sqinlikka uchragan.

Issiqxonalar uchun ajratilgan hudud “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJ (raisi Zohidjon Eshmo‘minov)ga Yakkabog‘ tuman hokimining 2009 yilgi qarori bilan ajratilgan 6 gektar yer maydonida joylashganligi sababli, shuningdek, bu yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi 493-sonli qaroriga zid ravishda, “E-IJRO Auksion” yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilishi lozimligini talab qilib, “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJ tuman ma'muriy sudiga ariza kiritgan.

Tuman hokimining 2009 yildagi “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJga 6 gektar yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarori viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlangan

Yakkabog‘ tuman ma'muriy sudi “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJ arizasini qanoatlantirgan va hokimning 2020 yilgi qarorlarini haqiqiy emas deb topgan.