O‘zbekiston | 15:11 / 18.12.2020
9247
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu fikrga qisman qo‘shilaman» - Norboyeva blogerning qonun hujjatlari haqidagi postiga munosabat bildirdi

Senat raisi Tanzila Norboyeva bloger davletovuz tomonidan qoldirilgan postga nisbatan o‘z fikrini bildirdi.

«Hozir xalqimiz bizni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib turishibdi. Bir qancha savollar kelib tushgan, hurmatli jurnalist va blogerlarimiz tomonidan fikr-mulohazalar bildirilgan.

Mana bitta fikr bildirilganki, «yaqinda bir davrada so‘nggi 4 yilda 10 mingdan ortiq qonun hujjati qabul qilingani, bu mustaqillik yillarida qabul qilingan qonun hujjatlarining 30 foizi ekani qayd etildi. Bu quvontiradigan raqam emas. Ularning orasida bir-biri bilan mos tushmaydigan, inkor qiladigan hujjatlar ham talaygina», degan fikr bildirilgan.

Men bu fikrga qisman qo‘shilmayman. Qaysidir qismiga balki qo‘shilarman, lekin qisman qo‘shilmayman. Chunki umuman olganda [qonun hujjatlarining] 30 foizi mana shu so‘nggi to‘rt yilga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, bu O‘zbekistonning qanchalik rivojlanayotganidan dalolat beradi. Oldinlari ushlab turilgan, qandaydir chora-tadbirlarni qilish kerak bo‘ladigan, sohalarni rivojlantirish kerak bo‘ladigan yo‘nalishlar rivojlanmasdan kelganidan ham dalolat beradi. 30 foizi to‘rt yildan beri. Demak, jamiyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohada jadal rivojlanyapti. Biz bularning qonuniy asoslarini yaratishimiz kerak. Shuning uchun ham mana shu 30 foiz to‘g‘ri kelyapti.

Ikkinchi qismiga men qisman qo‘shilaman deganim, birinchidan, bir-biriga mos kelmaydigan, inkor qiladigan hujjatlar yoki hujjatlar ichidagi normalar mavjud. Buni biz qabul qilamiz. Bu borada kirish gapimda ham aytib o‘tdimki, Senat mana shu yilning o‘zida, yil boshidan buyon 30ta qonun hujjatlarining hammasini tahlil qilib chiqdi.

Bilasizlar, bizning qoshimizda Qonunchilik muammolari instituti bor. Mana shu institut bilan hamkorlikda biz bu yo‘nalishda juda katta ishlarni olib boryapmiz. Bu ishlar quyi palatada ham olib borilyapti. Adliya vazirligida ham gilotina degan yo‘nalishda eski qonun hujjatlarini bekor qilish bo‘yicha ish ketyapti. Ular bu to‘g‘risida o‘z hisobotlarida aytib o‘tishadi.

Aytmoqchimanki, bu borada O‘zbekistonda ish boshlangan. Bir-birini takrorlaydigan normalarni bekor qilish yoki qonunlar, qonunosti hujjatlarini ham bekor qilish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Bu ayanchli holat deyilgani to‘g‘ri. Lekin biz buning ustida ish boshladik. Shuning uchun hurmatli hamyurtlarimiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham, Senati ham bu masalaga e'tiborsiz deb o‘ylamanglar. Biz bu masalalarni qat'iy nazoratga olganmiz», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • 17 dekabr kuni Kun.uz saytida «Deputatlar sud qarori ustidan kassatsiya shikoyatini keltirish huquqini cheklovchi qonunlarni qabul qildi. Bundan maqsad nima?» sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda Qonunchilik palatasi qabul qilgan va ma'qullash uchun Senatga jo‘natilgan qonunlarda endilikda shaxsning sud qarori ustidan kassatsiya shikoyati keltirish huquqi cheklanishi ehtimoli borligi haqida aytilgandi.
  • 18 dekabr kuni Davletovuz kanali muallifi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, ayrim qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmasligiga e'tiroz bildirgandi.

Mavzuga oid