Ma'ruzada keng ko‘lamli islohotlar natijalari, xalq bilan muloqot tizimining samarasi, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, xalq ta'limi va oliy ta'lim sohasidagi yutuqlar, sog‘liqni saqlash tizimida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Shuningdek, budjet va soliq sohasida olib borilayotgan ishlardagi, jumladan, yashirin iqtisodiyotning oldini olish, soliq to‘lovchilarni to‘liq qamrab olish, norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan ishchilarni legallashtirish kabi ishlardagi kamchiliklar sanab o‘tildi.

Farhod Ermanov 2021 yilda Xorazm viloyatida rejalashtirilgan 10 ta ustuvor yo‘nalish belgilanganini ma'lum qildi.
1. Har bir mahallada «o‘sish nuqta»larini shakllantirish asosida aholi bandligini ta'minlash va muammolarni hal etish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi;
2. Mahallada ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish bo‘yicha «mahalla raisi – islohotchi» tamoyili asosida yangi tizim joriy qilinadi;
3. Har bir tuman (shahar)da 2021-2022 yillarda va kelgusida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga, ularning «o‘sish nuqta»lari belgilangan loyihalar respublika tijorat banklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi;
4. Turizm sohasi izchil rivojlantiriladi. Ushbu sohada yaqin 2 yilda qiymati 1,3 trillion so‘m bo‘lgan 75 ta loyihani amalga oshirish, shu jumladan mehmonxonalardagi o‘rinlar sonini qariyb 2 barobar oshirib, 8 104 taga yetkazish choralari ko‘riladi;
5. Qishloq xo‘jaligi jadal rivojlantiriladi, bu sohada paxtani chuqur qayta ishlash, sholichilik va issiqxonalar o‘sish nuqtasi bo‘ladi;
6. Aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish choralari ko‘riladi;
7. Aholi hayotini yaxshilash uchun uy-joylar quriladi va kommunal infratuzilma yaxshilanadi;
8. Hududlarda ijtimoiy infratuzilma obektlarining holatini yaxshilashga alohida e'tibor qaratiladi;
9. Yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularni jamiyatdagi rolini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi. 40 ming nafar ishsiz yoshlarning va 34,3 ming nafar ishsiz ayollarning bandligi ta'minlanadi.















