Kun.uz muxbiri 9 ta asosiy yo‘nalishda tayyorlangan ushbu hisobotdagi asosiy tezislarni to‘pladi.

Yalpi majlislar bo‘yicha rekord yili

Norboyevaga ko‘ra, tugayotgan yilda Senat faoliyatida kuzatilmagan holat – yil boshidan beri 10 ta yalpi majlis o‘tkazilgan. Bu majlislarda esa 60 ga yaqin qonun ko‘rib chiqilgan.

«Qonunlarning hududlar manfaatlariga mosligi darajasi tanqidiy-tahliliy ko‘rila boshlandi. Buning uchun mahalliy kengashlar, ekspertlar, amaliyotchi va jamoatchilik fikrini o‘rganishga e'tibor qaratdik. Shunday yondashuv asosida shu yilning o‘zida 6 ta qonun rad etildi», – degan u.

Senatga hisobot bera boshlagan elchilar va ko‘paygan parlament so‘rovlari

Senat raisi hisobotining ikkinchi qismida vazirlik, tashkilot rahbarlari, hokimlar hamda sektor rahbarlaridan hisobot olish amaliyotiga o‘tilgani misollar bilan keltirilgan.

«Shu yildan O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Masalan, hozirgacha 10 ta mamlakatdagi elchilar hisoboti eshitildi. Biz shuningdek, har chorakda davlat dasturi bo‘yicha hukumat hisobotini eshityapmiz», – dedi Tanzila Norboyeva.

Senat raisi keltirgan raqamlarga ko‘ra, hukumat a'zolari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yil davomida 13 ta parlament so‘rovi jo‘natilgan.

«Bundan tashqari, senatorlar tomonidan joylardagi dolzarb masalalar, muammolar yuzasidan vazirlik va tashkilotlar rahbarlariga 400ga yaqin so‘rov yuborildi», – ta'kidlagan u.

13,5 ming murojaat hamda e'tirof etilgan jurnalist va blogerlar

Norboyeva bu safargi chiqishida ham ko‘tarayotgan dolzarb masalalari uchun jurnalist va blogerlarni e'tirof etdi.

«Parlament nazorati tadbirlariga qaysi masalalar asos bo‘lmoqda, deb so‘ralsa, albatta OAVda, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda, jurnalistlar, blogerlar, fuqarolar ko‘tarayotgan dolzarb masalalar deb aytishimiz mumkin», – dedi u.

Senat raisi bu borada Sardobadagi falokat oqibatlarini bartaraf etish ishlari aynan fuqarolar murojaatidan keyin joyiga chiqib o‘rganilganini ham esladi.

Yillik hisobotda aytilishicha, 2020 yil davomida Senatga 13,5 mingga yaqin, shundan ijtimoiy tarmoqlar orqali mingdan ziyod murojaat kelgan.