Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bugun tarixiy davrning yangi bosqichi – xalqimiz o‘z oldiga ezgu maqsadlar qo‘yib, o‘z kuch va imkoniyatlariga tayangan holda, og‘ir va sinovli kunlarda ham hamjihatlik ila taraqqiyot sari odimlab borayotgan pallada yashayapmiz.
Tarixdan ma'lumki, xalqimiz ko‘p sinov va qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tgan. Ota-bobolarimiz azaldan og‘ir kunlarda ahil va hamjihat bo‘lgan. Har bir qarori, harakatida mo‘tabar manbalar, sog‘lom aqlga tayangan.
Bugungi sinovli kunlarni xalqimizga xos va munosib tarzda yengib o‘tishda, muhtaram Prezidentimizning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlari, xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat, oliyhimmatlik to‘la zamin bo‘lmoqda. Qalbida imon-e'tiqodi mustahkam xalqimiz uchun Yaratganning O‘zi madadkor bo‘layotir.
Xayr va saxovat insonni ulug‘lab, har ikki dunyoda ham ajru savobga sazovor etishi haqida allomalarimiz ta'kidlab o‘tganlar. Islom dinida ham mo‘minning eng ulug‘ sifatlaridan biri xayr va saxovat ekaniga ishora qilinadi.
Islom dini mohiyatida mujassam bo‘lgan barcha fazilatlar asrlar osha bashariyatni hidoyatga chorlab kelmoqda. Ayniqsa, muborak dinimizning ezgulik, xayru saxovat, mehr-oqibat, muruvvat kabi olijanob g‘oyalari jamiyatda insonparvarlik, bag‘rikenglik muhitining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda dunyo ahli koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni boshidan kechirmoqda. Xalqimiz har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam ila yengib o‘tishida Haq taoloning O‘zi madadkor bo‘lmoqda.
Butun dunyoga katta tashvish va muammo bo‘lib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Davlatimiz Rahbarining bevosita boshchiligida tizimli ishlar amalga oshirildi. Hukumatimiz tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar uzluksiz amalga oshirildi.O‘z navbatida, yurtimiz aholisi tomonidan ham ushbu xastalikni insoniyat boshidan aritish yo‘lida birdamlik, ahil-inoqlik namunalari ko‘rsatildi. Shuningdek, mana shunday sinovlarni tez orada insoniyat boshidan aritish borasida Qur'oni karim, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalarda ma'lum amallarni bajarish va duoyu tazarrular o‘qish ham davom etmoqda.
Ta'kidlash joizki, mo‘tabar manbalarda doimiy ravishda Alloh taolodan xalq farovonligi, yurt ravnaqi uchun xayru baraka tilash, tinchlik-ofiyat so‘rash va ezgu duolar qilish lozimligi haqida ko‘p bayon etilgan. Shu bois, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan diyorimizning eng tabarruk joylarida ilg‘or fikrli, fazilatli ulamolar, tajribali imom-xatiblar yetakchiligida Qur'oni karim xatmlari va mehr-muruvvat tadbirlari amalga oshirilmoqda.














