O‘zbekiston | 16:21 / 30.12.2020
28304
3 daqiqa o‘qiladi

«12 nafar hokim o‘rinbosari sinovdan o‘tmadi». Bosh vazir o‘rinbosari rahbarlar attestatsiyasi haqida ma'lumot berdi

Davlatning iqtisodiy siyosatini joylarda to‘g‘ri tushunish va amalga oshirish katta masalaga aylangan. Bunda mahalliy rahbarlar - hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari bevosita ushbu masala bilan ishlaydi, deb hisoblaydi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. 

Foto: Xalqaro press klub

Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari orasida o‘tkazilgan o‘rganish natijasini ma'lum qildi. U bu haqda Xalqaro press klub sessiyasida gapirib o‘tgan.

«Ular orqali siyosat joylarda amalga oshirilishi kerak. Mana shu masalalar taqdiri hokimning birinchi o‘rinbosarlari dunyoqarashi, davlat rahbari oldimizga qo‘ygan vazifalarni to‘g‘ri tushunishi, tushunchalarni o‘z qo‘l ostidagi xodimlarga to‘g‘ri yetkazishiga bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan, hamma tumandagi hokim o‘rinbosarlari malakasi qayta o‘rganildi», — dedi u.

Qo‘chqorovning aytishicha, o‘rganish 30 dekabrda tugagan va hokim o‘rinbosarlarining 12 nafari qo‘yilgan talabga javob bermagan, 40ga yaqin hokim o‘rinbosarlari o‘z lavozimida shartli ravishda qoldirilgan.

«Ayb bevosita ularda emas. Negaki, katta minbarda turib ko‘p gapiramiz, ammo past bo‘g‘indagi hamkasblarga buni to‘g‘ri yetkaza olyapmizmi? Hukumat darajasida bajariladigan ishlar bor, tuman darajasida talab qilinadigan ishlar bor. Shunday ekan, barcha masalalar natijasini ulardan so‘rash ham to‘g‘ri emas. Hammaning funksiyasini aniq belgilash kerak», — deya qo‘shimcha qilgan Jamshid Qo‘chqorov.

Vazirning ta'kidlashicha, ushbu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun 2021 yil 11 yanvardan boshlab, hokim o‘rinbosarlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv tashkil qilinadi.

«O‘qish 1 haftadan davom etadi. Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida faoliyat olib borayotgan tuman hokimlari o‘rinbosarlari o‘qishga taklif qilinadi. Keyingi muddatda Buxoro, Navoiy va Samarqanddagi hokim o‘rinbosarlari o‘qitiladi hamda shu tartibda o‘qish davom etaveradi», — deydi u.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida ko‘pgina vazirlik idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgani mamlakatning eng katta kamchiligi hisoblanishini ta'kidlagan.

Hukumatga ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur hisoblanadi.

Mavzuga oid