Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida prezidentning parlamentga murojaati orqali tizimga yuklangan vazifalar haqida gapirdi. Intervyuda rais 2021 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va uning o‘sishiga erishish borasida oldinda turgan 3ta muhim rejani sanab o‘tgan. Quyida Nurmurodov bildirgan fikrlaridan asosiy tezislar keltiriladi.  

Inflatsiya darajasi belgilangan me'yorlar doirasida bo‘lishi kerak.

Markaziy bank oldida turgan vazifalardan biri, bu inflatsiya darajasining belgilangan me'yorlar doirasida bo‘lishini ta'minlashdan iborat.

Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish orqali makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy negizlaridan bo‘lgan inflatsiyani pasaytirish Markaziy bankka vazifa qilib qo‘yilgan. 2020 yilda makroiqtisodiy holat qiyinchiligiga qaramasdan, MB 11 yarim foizga inflatsiyani pasaytirish darajasiga erishgani ta'kidlangan.

Prezident murojaatnomasida 2021 yilda bu ko‘rsatkichni 10 foiz darajasiga tushirish vazifasi belgilandi.

Bunga erishishning asosiy yo‘llari eng avvalo, pul-kredit siyosatida qo‘llaniladigan pul-kredit instrumentlaridan faol foydalangan holda barcha monitar omillarning inflatsiyaga ta'sirini kamaytirish choralarini ko‘rishdan iborat. Pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratish zarurligi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytirilishi belgilab berildi.

Aholining tadbirkorlikka intilishi davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Regulyator oldiga yangi masala qo‘yilgan. Tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kelgusi yilda 6 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiriladi.