«Barsa»da prezidentlik kampaniyasi
Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Erling Holand tashviqot vositasiga aylantirildi. «Barselona» prezidentligiga nomzod bo‘lgan Emili Rusoning vakili va maslahatchisi Xosep Mariya Mingella agar Ruso prezidentlikka saylansa, klub 20 yoshli norvegiyalik futbolchini sotib olishi haqida gapirdi. U Holandning talablaridan yaxshi xabardor ekanini qayd etdi va transfer agent Mino Rayolaga bir qo‘ng‘iroq orqali amalga oshishini qo‘shimcha qildi.
Bungacha yana bir nomzod Viktor Font prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa, jamoa boshqaruviga Xavini taklif etishini ma'lum qilgandi.
«Barselona» prezidentligi saylovlari 2021 yil 24 yanvarida o‘tkaziladi.
Avvalroq Holandga «Chelsi» ham da'vogar ekani, londonliklar uning transferini qishda hal qilib, 2021 yil yozida uni tarkibga qo‘shib olishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
«Arsenal» Eriksenni nishonga olgan

«Inter» yarimhimoyachisi Kristian Eriksen klub izlashda davom etmoqda. La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, «Arsenal» ushbu 28 yoshli daniyalik futbolchi xizmatlariga qiziqish bildirmoqda va uni shu yanvarda safiga qo‘shib olishga tayyor. Ammo ushbu havbekni qo‘lga kiritish uchun londonliklar tarkibdagi futbolchilarning maosh xarajatlari vedomostini bo‘shatishi va futbolchilardan biri, masalan, Mesut O‘zilni sotishi kerak bo‘ladi.
Germaniyalik yarimhimoyachi bo‘yicha hozircha yangilik yo‘q — chorshanba kuni italiyalik jurnalist Romeo Agresti «Yuventus» O‘zil bilan muzokara olib borayotgani to‘g‘risidagi xabarni rad etdi. Eriksenning qaysidir klubga ketishi esa aniq — «Inter» uni transferga qo‘ygan, bu mavsumda ushbu futbolchi ko‘k-qora libosda barcha turnirlar doirasida jami 12 o‘yinda qatnashgan va birorta gol urmagan.
«PSJ»da o‘zgarishlar davri, Yevropa uchun yana bir Pepe. So‘nggi transfer mish-mishlari
Milik «Atletiko»ga kelmaydi
«Napoli» hujumchisi Arkadiush Milik atrofidagi voqealar juda tez rivoj topdi. Avvaliga «Atletiko» Diyego Kosta bilan xayrlashishi e'lon qilingach, Diyego Simeone jamoasida polshalik hujumchini ko‘rishni istayotgani haqida xabar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay taniqli insayder Fabritsio Romano «Atletiko» Milikni sotib olmasligi, uning uchun so‘ralgan 15 million yevro qimmatlik qilayotgani haqida yozib chiqdi. Gap shundaki, Milikning «Napoli» bilan shartnomasi muddati yarim yildan keyin tugaydi, yozda italyanlar uni tekinga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi.



















