Ovulgacha borish uchun avvaliga Navoiyning Qiziltepa tumani orqali Zarafshon shahriga, so‘ngra Tomdi tumani markaziga bordik. Undan yana 90 km.lar chamasi yo‘l yurib, quyosh botib, kun qorayganda manzilga yetib bordik.

Serikboy aka Nisanbayev xonadoniga tashrifimiz quvonchli kunlarga to‘g‘ri keldi. Hol-ahvol so‘rash va duodan so‘ng, har bir ota-ona farzandi kamolini ko‘rishni orzu qilganidek, yolg‘iz o‘g‘illari Armon Alimqulov erishgan natijani so‘zlab ketdi. 9-maktabning 10-sinfida tahsil olayotgan Armon Qozog‘iston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan hamda Qozog‘iston, Belgiya, Turkiya, Rossiya, Mo‘g‘uliston kabi 8 davlatdan 146 o‘quvchi qatnashgan xalqaro insho tanlovining Gran-prisini qo‘lga kiritgan.

Serikboy Nisanbayev

«Qozog‘iston ta'lim vazirligi o‘quvchi iqtidorini taqdirlash maqsadida mobil telefon, Navoiy viloyati hamda Tomdi tuman hokimligi bir donadan noutbuk sovg‘a qildi», – deydi Serikboy aka.

Qish kunlari emasmi, bizni ilk qiziqtirgan narsa – xonalarni qay yo‘sinda va nima bilan isitayotganlari bo‘ldi. Serikboy akaning aytishicha, azaldan ovullarga gaz kelmagan.

«Ammo, elektr toki ta'minoti uzluksiz», – deya so‘zlaydi u.

O‘tirgan xonamizda issiqlik tarqatib turgan qurilma e'tiborimizni tortdi. Serikboy aka «norpechka» deb atagan pechkaning qurilishi o‘ziga xos. Uning o‘tin yoqiladigan asosiy qismi birinchi xonada, pishgan g‘ishtdan qurilgan mo‘ri qismi ikkinchi xonada joylashgan. Bu yoqilg‘ini tejagan holda ikki xonani birdek isitish imkonini beradi.

Pandemiya sharoitida hayot qanday kechganiga qiziqamiz. Serikboy akaning so‘zlab berishicha, hech kim jiddiy bemor bo‘lmagan. Bir-ikki kishi yengil turlari bilan xastalangan xolos.

Bir necha yillar shu yerda shifokorlik qilib, Qozog‘istonga ko‘chib ketgan Kenisbek ismli shifokor, yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilganda, Tomdida shuvoq va isiriq ko‘p bo‘lgani bois, xalqi ham, chorvasi ham viruslarga chidamli bo‘lishini aytgan ekan.