Kun.uz muxbiri «Optimist» ruknida yosh veb-dizayner Jamshid Xoliqulov bilan suhbatlashdi. Suhbat mutaxassisning UI/UX dizaynga qanday kirib kelgani, sohadagi daromad va O‘zbekistonni raqamlashtirish kabi mavzularda kechdi.

«Ham jurnalist, ham grafik dizayner bo‘lib ishlardim»

— User Interface (UI) va User Experience (UX) yo‘nalishida 5–6 yildan beri faoliyat olib boraman. Soddaroq aytganda, dasturiy mahsulotlar (mobil ilovalar va veb-sahifalar) dizaynini chizaman.

Barchasi qiziqishim, hobbi sifatida boshlangan. Hozir professional darajaga chiqish arafasidaman. Asli mutaxassisligim esa jurnalist. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tugatganman.

Talabalik paytimda jurnalistikada biroz muddat ishladim. Shu bilan birga, grafik dizayn sohasini ham o‘rganganman. Chunki aynan men o‘qigan vaqtda – 2012–2013 yillarda butun dunyo media sohasida ma'lumotlarni infografika shaklida berish ommalasha boshlagandi. Jurnalist auditoriyaga yetkazmoqchi bo‘lgan ma'lumotni shunaqa tarzda berishi uchun grafik dizaynni tushunishi kerak. Sifatli kontent yaratish uchun esa ham jurnalistikani, har grafik dizaynni birday olib ketishga harakat qildim.

2015 yilda faoliyatimni to‘liq grafik dizaynda davom ettirishga qaror qildim. Bunga asosiy sabab – jurnalistikadan ko‘ra, grafik dizaynda ko‘proq pul topishim. Tushunib yetdimki, jurnalistikada dizaynerlikdan ko‘ra kamroq natijaga erisharkanman.

«Bir oylik daromadimni bir kunda topganman»

— O‘qish paytida 500 ming so‘m stipendiya («besh»ga o‘qiganman­) va jurnalist sifatida yarim stavkada ishlab yana 500 ming, ikkisini qo‘shganda oyiga 1 million atrofida daromadim bo‘lardi. Dizaynerlikda esa bir kunda bitta loyiham uchun shuncha pul olgandim: logistika va tibbiyot yo‘nalishidagi kompaniyaga identika (logotip va boshqa grafik unsurlar stili) qilib berganman, bir kunda chizib berganman, ularga yoqqan va to‘lovni amalga oshirishgan.

Keyinchalik, 2015–2016 yillarda MyTaxi kompaniyasiga ishga chaqirishdi. Aynan veb-dizayn, User Interface yo‘nalishi bo‘yicha. Bilsangiz, hamma IT-kompaniyalar doim o‘ziga kadr qidiradi, yaxshi kadrlarni kuzatib boradi. Meni MyTaxi rahbarlari kuzatishgan ekan (men blog yuritardim). Birinchi haftada suhbatdan o‘tolmaganman. Bu menga juda qattiq ta'sir qildi va 3 oy mobaynida veb-dizayn, UI (user interface) nimaligini chuqur o‘rganib, shug‘ullandim.