
Juda ko‘pchilik yangi yilda o‘z hayotini o‘zgartirishga qaror qiladi va o‘ziga o‘zi va'da beradi. Zararli odatlarni tashlash, sport bilan shug‘ullanish, mablag‘ jamg‘arish, yangi bir ishni boshlash kabilar shular jumlasidan.
Yangi yilda – dunyo hamon koronavirus bilan «olishib» yotgan bir pallada o‘zingizga qanday va'da bergan bo‘lishingizdan qat'i nazar, ularni amalga oshirish uchun astoydil harakat qiling!
1. Kichik odimlar oting

O‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘yish muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini oshiradi.
Psixoterapevt Raxen Vaynshteynning fikricha, muammoning bir qismi «yangi yilda tamoman boshqacha odam bo‘laman» degan xayol bilan o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishdan kelib chiqadi.
Agar o‘zingiz uchun kichik maqsadlarni belgilab olsangiz, ularga erishgach, keyingi marraga yetish imkonini ham aniq ko‘ra olasiz. Masalan, marafonda g‘olib bo‘lishga va'da bergandan ko‘ra, bu ishning dastlabki odimi sifatida sport poyabzali sotib olish va qisqa masofaga yugurishni boshlash ko‘proq foyda berishi mumkin.
Muvaffaqiyatning eng asosiy siri – katta o‘zgarishlardan qochish emas, balki maqsadga erishish uchun uzoq vaqt davomida real tarzda oldinga siljib borishdir.
«Hayotdagi ulkan o‘zgarishlar kichik qadamlar bilan boshlanadi», deydi Vaynshteyn.
2. Maqsadni aniq qo‘ying

O‘z oldimizga biron maqsadni qo‘yar ekanmiz, bu maqsadga qanday erishish haqida o‘ylab ko‘rmasligimiz eng keng tarqalgan xatolardan biridir.
Unutmang: qadamlarni aniq tarzda rejalashtirish juda muhim.
Oksford universiteti professori Nil Levining fikricha, «Ko‘proq mashq qilaman» degan mavhum va'dadan ko‘ra, «Har seshanba tushdan keyin va shanba kunlari ertalab sport zaliga boraman» deyish ko‘proq muvaffaqiyatga eltishi mumkin.
Shu kabi aniq va erishish mumkin bo‘lgan maqsadlar sizga nafaqat maqsadni, balki unga erishish yo‘llarini ham ko‘rsatadi.

















