Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev qariyb bir oydan buyon hibsda qolmoqda. U «shubhali shaxslar» bilan aloqadorlikda gumonlanib, 11 dekabrga o‘tar kechasi Istanbulda qo‘lga olingan edi.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, jurnalistga nisbatan gumonlar o‘z tasdig‘ini topmagan. Shunga qaramay, uni deportatsiya qilish haqidagi qaror hamon bekor qilinmasdan qolmoqda va jurnalist deportatsiya bo‘linmasida saqlanmoqda.
Uning «Registon» onlayn telekanalidagi hamkasbi Tohir Abdulloning aytishicha, Abdukarim Mirzayev bilan aloqaga chiqqan 6 nafar shubhali shaxs aybsiz deb topilgani haqida xabar olingan.
«Bu – xushxabar. Ularni deb Abdukarim akani ushlab turishgan edi. Buning natijasi endilikda Abdukarim Mirzayevning ham qo‘yib yuborilishiga olib keladi, inshaalloh», – dedi Tohir Abdullo 5 yanvar kuni YouTube'dagi telekanalning jonli efirida.
U Mirzayev qo‘lga olinganiga 26 kun o‘tganiga munosabat bildirarkan, xorijlik gumondor shaxsning buncha vaqt ushlab turilishi Turkiya sharoitida ko‘p muddat hisoblanmasligini bildirdi.
«Turkiyada chet el fuqarosi shubha asosida hibsga olinsa, aybi isbotlanmasa-da, uni qo‘yib yuborishgacha bo‘lgan jarayonlar kamida 2–3 oy, bo‘lmasa 6 oygacha cho‘ziladi», – dedi Tohir Abdullo.
«Registon TV» vakili jamoatchilikni xotirjamlikka chaqirib, zarur barcha choralar ko‘rilayotganini qayd etdi; Abdukarim Mirzayev ishidan O‘zbekiston va Turkiyaning yuqori turuvchi tegishli organlari xabardor ekanini qo‘shimcha qildi.
«Har yerning o‘z byurokratiyasi, rasmiyatchiligi bor, buni biz to‘g‘ri tushunishimiz kerak. O‘tgan 26 kunlik muddat Turkiya sharoitida normal holat ekanini eslatib o‘tmoqchiman», – deya qayd etdi u.
Tohir Abdullo hamkasbi bilan deyarli har kuni telefon orqali bog‘lanib turganini ham aytib, u hozirda saqlanayotgan joy jinoyatchilar saqlanadigan joy emasligi, muayyan sharoitlar borligini ham ma'lum qildi.
Jurnalistning advokati – voqea tafsilotlari haqida
5 yanvar kuni telekanal ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Abdukarim Mirzayevning vakili advokat Mahmud Said Arslonning bayonotini ham e'lon qildi.
















