Farg‘onalik Abduhoshim Ergashev ro‘zg‘or tebratish, ishlab pul topish ilinjida ikki yil avval Rossiyaga ketgan edi. Pandemiya sharoitida, qiyinchiliklar bilan mehnat qilib qaytgan ota uyga kirib kelgan kun o‘g‘li suvga tushib, izsiz yo‘qoldi.

Ota ostona hatlashidan bir necha soat avval 16 yashar bola Katta Farg‘ona kanaliga tushib, qaytib chiqmadi.

22 dekabr kuni soat 19:00larda Yozyovon tumani IIB navbatchilik qismiga berilgan xabarga ko‘ra, 2004 yilda tug‘ilgan A.A. Katta Farg‘ona magistral kanalining Taraqqiyot mahallasi hududidan o‘tgan qismida o‘zini tashlab, oqib ketgan va suvdan qaytib chiqmagan.

Bolani qidirish shundan buyon hozir ham davom etmoqda. «Taraqqiyot» MFYga kiraverishda mahalla ahli chaylalar qurib olishgan. Mahalladoshlar bola suvdan bexos chiqib qolishini poylab, chayla atrofida gulxan yoqib isinib o‘tirishibdi.

O‘zini bolaning qarindoshi deb tanishtirgan Abduvahob Abdulazizov biz bilan suhbatda mas'ullar suv sathini pasaytirib berishgani, g‘avvoslar ham jasadning topilishida qo‘lidan kelganicha harakat qilishayotgani, bola do‘stlari bilan garov o‘ynab suvga tushgani va undan qaytib chiqmagani, eng achinarlisi esa o‘sha kuni 2 yil deganda Rossiyadan qaytgan dadasi Abduhoshim aka o‘g‘lining diydoriga to‘ya olmay bo‘zlab qolgani haqida so‘zlab berdi.

Mahalla faoli Husanboy Qo‘chqorov ham Bo‘tqachi qishlog‘i ahli jabrdiyda oilaga madad bo‘layotgani haqida aytib o‘tdi.

«Internetda kezib yurgan lavhani ko‘rib, ochig‘i o‘zimni to‘xtata olmadim. Keyin bilsam, hamqishlog‘imiz boshiga musibat tushgan ekan. Ota o‘g‘lini suv ostidan qidirib topa olmay adoyi tamom bo‘ldi», – deydi Husanboy aka.

Yo‘lda davom etarkanmiz, bola cho‘kkan joygacha bo‘lgan oraliqda yana shunday 3 ta chayla tikilganiga guvoh bo‘ldik. Kanal yoqalab ancha odam yig‘ilgan, kimdir o‘tin yorgan, kimdir qayiqda suzib yurgan qutqaruvchilarni arqonda tortgan, yana kimlardir esa kiyimini alishtirib qayiqqa chiqqan.