«O‘zbekiston temir yo‘llari» axborot-tahliliy media markazi xabariga ko‘ra, xiyobon va yerosti avtomobil yo‘li Al-Xorazmiy va I.Karimov ko‘chalari kesishmasida joylashgan bo‘ladi. Loyihani chorrahada avtotransport vositalari harakatini svetoforlarsiz ta'minlash va tartibga solish maqsadida amalga oshirish taklif qilindi. Transport yechimi Al-Xorazmiy ko‘chasidan tunnel tipidagi temir-beton yo‘l o‘tkazgichidan iborat bo‘lib, I.Karimov ko‘chasi yo‘l o‘tkazgich ustidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston rahbariyati ko‘rsatmasiga binoan amalga oshirish rejalashtirilayotgan ushbu loyiha doirasida «Boshtransloyiha» mutaxassislari tomonidan tunnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichning 4ta varianti ishlab chiqilgan va ulardan eng muqobil varianti tanlandi. Yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 500,72 metr, tunnel harakatlanish qismining balandligi 5,5 metr, tunnelning kengligi 17,10 metr.

Yerosti avtomobil yo‘lining qurilish ishlari ushbu sohada tajribaga ega bo‘lgan «Ko‘prikqurilish» tresti mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.