11 yanvardan Toshkentda konsert dasturlari, katta premeralar, yangi kinoloyihalarga bag‘ishlangan «O‘zbek milliy kino san'ati haftaligi» start oldi.
«O‘zbekkino» Milliy agentligi tashabbusi bilan yil boshidan tashkil etilgan shov-shuvlarga boy haftalik o‘zining turli voqeliklari bilan kinoixlosmandlariga manzur bo‘lmoqda.




Haftalikning birinchi va ikkinchi kunlariga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu kunlarda «Men terrorchi emasman», «Sumbul» filmlarining ilk premeralari, taniqlilar uchun tashkil etilgan «qizil yo‘lakcha», kastinglar, mahorat darslari, kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.



«Men terrorchi emasman» filmi ijodkorlari ishtirokida tashkil etilgan brifing bilan boshlangan uchinchi kun ham mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.



Ayniqsa, yosh kinoijodkorlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlagan mahorat darslari esda qolarli lahzalarga boy o‘tdi. Mahorat darslari Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek tomoshabinlariga «Baron» filmi bilan yaxshi tanilgan mahoratli aktyor Farhod Mahmudov, taniqli kinorejissyor Ali Hamroyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Seydulla Moldaxanov va mahoratli rejissyor Ayub Shahobiddinovlar ishtirokida tashkil etildi.




















