18:32 / 15.01.2021
8964

Piter Xyuistra «Paxtakor» bosh murabbiyiga aylandi

Niderlandiyalik mutaxassis «Paxtakor» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.

Foto: FC Pakhtakor

«Shu kungacha jamoamizda yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelgan niderlandiyalik mutaxassis Piter Xyuistra endi «Paxtakor» bosh murabbiyiga aylandi. U Shota Arveladze bilan murabbiylar shtabida birga faoliyat yuritib kelayotgandi. Oxirgi yillarda shakllantirilgan hujumkor, chiroyli va muxlislarga ma'qul keladigan futbol falsafasiga asoslangan o‘yin uslubini yanada yaxshilab borishga urinish shu tariqa davom ettiriladi», - deyiladi klub xabarida.

Piter futbolchilik faoliyatida Shotlandiyaning mashhur klublaridan biri «Glazgo Reyndjers» sharafini besh mavsum himoya qilib, besh marta chempionlikka erishgani bilan mashhur. Shuningdek, Piter «Groningen», «Vendam», «Tvente», «Sanfrechche Xirosima», «Lers» va «Rozendal» kabi klublarda o‘ynagan. Niderlandiya, Shotlandiya, Yaponiya va Belgiya chempionatlarida jami 413 bellashuvda 78 gol urishga erishgan. Niderlandiya milliy jamoasi tarkibida 1988-91 yillarda 8 o‘yinda maydonga tushgan.

Xyuistra murabbiylik ishini 2001 yil «Groningen» yoshlar jamoasida bosh murabbiy sifatida boshlagan. 4 yillik faoliyatidan so‘ng «Vitess» va «Ayaks» klublarida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan. Keyin «Ayaks» yoshlar jamoasi, «Groningen», «De Graafsxap» klublarida va Indoneziya milliy jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib bordi.

Eslatib o‘tamiz, Shota Arveladze dekabr oyi yakunida uch yillik faoliyatidan keyin «Paxtakor» bilan xayrlashganini e'lon qilgandi.

Top