Kino san'ati insonning didi va madaniyatini oshiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek milliy kino san'atini rivojlantirishga bo‘lgan e'tibor tobora kengayib bormoqda. Shaxsan davlat rahbarining tashabbusi bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan yurtimiz bo‘ylab 11 yanvardan 11 fevralga qadar “Yangi O‘zbekiston va milliy kinematografiya” oyligi va uning doirasida “O‘zbek milliy kino san'ati haftaligi” ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.


Kinohaftalik davomida Yoshlar ijod saroyida kino san'atini sevuvchi mehmonlar ishtirokida haftalikning ochilish marosimi, estrada yulduzlari tomonidan shou-konsertlar, “Men terrorchi emasman”, “Sumbul” filmlarining ilk namoyishi barcha tashrif buyurganlarda yorqin taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, “O‘zbekiston – bizning diyorimiz” mavzusida bolalar uchun tashkil qilingan ijodiy tanlov va multfilmlar namoyishi kichik mehmonlarga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

Dastur davomida 2021 yilning yangi kinoloyihalari bo‘yicha pitching tashkil etilib, unda Akbar Bekturdiyevning «Uzbechka», Jahongir Ahmedovning “Bo‘ysunmas”, Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Mirmaqsud Oxunovning “So‘nggi darvesh”, Abdusamat G‘aniyevning “Yig‘lamas” va shu kabi kinoloyihalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, yosh kinoijodkorlarni qo‘llash maqsadida joriy etilgan pitching tizimi ham kinohaftalikning muhim voqeasiga aylandi.

Yurtimiz bo‘ylab zamonaviy va shinam kinoteatrlarning soni ortib borayotgani kinoixlosmandlarini yanada xursand qilmoqda. Haftalik doirasida poytaxtimizda yana bir yangi kinoteatr - “Riviera”ning ochilish marosimi tashkil etildi.

“Riviera” kinoteatri zamonaviy dizayni va o‘zining jozibasi bilan har qanday tomoshabinni mahliyo etadi.




















