Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot ta'lim muassasalari bitiruvchi kurslari birlamchi tibbiyot muassasalariga amaliyotga yuborilayotgani hamda ular tibbiy xatlov jarayonlarida qatnashib, aholining antropometrik o‘lchovlarini olish ishlariga jalb etilayotgani haqida turli mazmundagi ma'lumotlar berilmoqda. SSV matbuot xizmati ushbu chiqishlarga oydinlik kiritish maqsadida vazir birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov bilan suhbat uyushtirdi.

— Tibbiyot ta'lim muassasalari bitiruvchilari ayni paytda amaliyot o‘tayotgan ekan. Bu jarayon qanday me'yoriy hujjat asosida o‘tkazilyapti? 

— Albatta, har bir talaba o‘quv jarayonida amaliyot o‘tashi zarur. Ayniqsa, tibbiyot sohasida talaba faqat nazariyani o‘rganib, hech qachon yetuk shifokor bo‘la olmaydi. Tibbiyot ta'limi azaldan amaliyot bilan birga olib borilgan. Butun dunyoda o‘quv jarayonida amaliyotga alohida e'tibor qaratiladi. Ayni paytda bu masala kun tartibiga chiqqani ham aniq sabablarga, huquqiy asosga ega.

Prezidentimizning 2019 yil 6 may sanasida e'lon qilingan «Tibbiyot va farmatsevtika ta'limi va ilm fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asoslanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejada ishlab chiqarish va o‘quv amaliyotlari vaqti, muddati, qayerda, qanday olib borilishi belgilangan.

Ilgari bitiruvchi kurslarning ishlab chiqarish amaliyoti faqat yozgi ta'til mavsumida amalga oshirilar edi. Ularning amaliyotga qatnashayotganini nazorat qilish ta'lim muassasasiga qiyinchilik tug‘dirgani ham bor gap. Yashirmaymiz, bu ko‘pchilik talabalar amaliyotdan uzoqlashishiga, o‘zlarining kelajakdagi potensial ish joylari bo‘lgan oilaviy poliklinikalarga bormasliklariga ham sabab bo‘lardi. Yuqoridagi me'yoriy hujjat va tasdiqlangan o‘quv reja asosida amaliyot ikki qismga bo‘linib, yoz va qish mavsumlarida amalga oshiriladigan bo‘ldi. 

Shu bois, ayni paytda faqat bitiruvchi kurs talabalarigina o‘zlarining birlamchi tibbiyot muassasalaridagi vrach yordamchisi sifatidagi amaliyotini o‘tash uchun yuborilgan. Ta'kidlash kerakki, ular shu yili institutni bitirib aynan tibbiyotni birlamchi bo‘g‘inida - shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikada ishlash xuquqini oladilar. Qayd etish kerak, kasallikka chalinganlar, homiladorlar va boshqa qator sabablarga ko‘ra talaba amaliyotga jalb qilinmasligi mumkin. Bu borada ta'lim muassasalari rahbariyati o‘rganib, xulosa chiqaradi.