Umidjon Ortiqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda taklifining mazmuni haqida so‘zlab berdi.

«Prezident bilan uchrashuvga qadar, taklifimni rad etib kelishgan»

— Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetini tamomlaganman. Hozirda Sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda informatika fanidan dars beraman. Shuningdek, veb-saytlar yasash, logo-brending va SMM-posterlar, dizayn mahsulotlari yasash, Android dasturlarini ishlab chiqish va Play Market'ga joylab berish bilan shug‘ullanaman.

Ish jarayonida imkoniyati cheklanganlar maktablariga borib turardik. Shulardan biri 101-sonli kar va soqovlar maktab-internati bo‘lgan. Borganimizda ularning qiziqishlarini o‘rganganmiz. Alloh ularni nimadir tomondan qisgani bilan boshqa jihatdan ustunliklari bor. Men o‘zim payqagan narsa – ulardagi ijodkorlik tuyg‘usining yuqoriligi edi.

Keyinchalik do‘stlarim bilan kelishib, eshitish va gapirishda nuqsoni bor ukalarimizga IT-dizayn sohasini o‘rgatishni maqsad qildik. Loyihani Uzbek Compass deb nomladik.

Prezidentimiz bilan uchrashuvda shu haqda gapirdim va menga imkoniyat berildi. Bungacha loyiha rad etib kelinardi. Balki, ayb o‘zimda bo‘lgandir, tushuntirib berolmagandirman, deb o‘ylayman.

«Loyihadan maqsad – kar va soqovlar jamiyatga hissa qo‘shishiga imkon yaratish, masofadan daromad topishga yo‘naltirish»

— Biz bu loyiha orqali kar va soqovlarni dizayn yo‘nalishlariga o‘rgatib, ularni ham masofadan daromad topishga yo‘naltirmoqchimiz. Asosiy maqsad - eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan kishilarga jamiyatga o‘z hissasini qo‘shishiga imkon yaratish.

Ular ham jamiyatga hissa qo‘shishni xohlaydi. Buning uchun esa o‘rtadagi to‘siqni olib tashlash kerak.

Buning uchun, avvalo, ularning kompyuter savodxonligi oshiriladi. Biz bunda surdo tarjimonlar xizmatidan ham foydalanamiz. Keyin esa yuqori sinflarda grafik dizaynni o‘rgatib, ular orqali bir-biriga o‘rgatish usuli bilan boshqa yoshlarda qo‘llaymiz.

Biz ularni 3 oydan 6 oygacha o‘qitamiz, bu davrda ular fotoshop, illyustrator kabi dasturlarda ishlashni o‘rganadi. Muddat uzoq qo‘yilishiga yana bir sabab – IT'da 45 kishi o‘qishni boshlashi mumkin, lekin oxirida 5–6 nafar haqiqatda qiziqadigan odam qolishi ham bor gap.

Frilanserlikning qulay tarafi – buyurtmachining ham, ishni bajaruvchining ham vaqti tejaladi, biror narsaga buyurtma berish uchun masofaga vaqt sarflab kelib-ketishi shart emas, onlayn tarzda buyurtma berishi mumkin.

Prezidentimiz tavsiyasi asosida Yunusoboddagi IT-park bilan uchrashdim va loyihamizning konsepsiyasini kelishib oldik.