- Ayni paytda poytaxt aholisiga davlat tomonidan kafolatlangan budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy xizmat birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi muassasalarda, jumladan, oilaviy va markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalar hamda barcha dispanserlarning ambulatoriya xizmati tomonidan ko‘rsatilmoqda. Shu paytgacha statsionar sharoitda bemorlar uchun davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar ijtimoiy, yuqumli kasalliklari bo‘lgan, onalik va bolalik yo‘nalishi hamda shoshilinch tibbiy yordam talab etiladigan barcha holatlarda ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, respublika tasarrufidagi tibbiyot muassasalari (klinik shifoxonalar va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari) hamda shahar klinik shifoxonalari tomonidan faqatgina imtiyozga ega bo‘lgan aholi qatlamiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Ammo aholining imtiyozga ega bo‘lmagan qatlami (18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar) uchun rejali ravishda statsionar sharoitida ixtisoslashgan tibbiy yordam olish uchun sharoit yaratilmagan edi. Ushbu fuqarolarning aksariyati rejali statsionar sharoitida davolanish uchun tibbiyot muassasalarining pullik xizmat bo‘limlariga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Endilikda bu holatlarga barham berildi.
Prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi «Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan joriy qilingan yangi tizimga ko‘ra, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi barcha tibbiy muassasalar (1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-son shahar klinik shifoxonalari, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasi, shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, shahar endokrinologiya dispanseri, shahar teri-tanosil kasalliklari dispanseri hamda boshqarma tasarrufidagi barcha tug‘ruq komplekslari) order tizimiga o‘tkazildi.
Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari - Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov SSV matbuot xizmatining bu o‘zgarish bo‘yicha savollariga javob bergan. Xususan, davolanish uchun xarajatlar qanday ta'minlanishiga oydinlik kiritilgan.

«Har bir orderning ortida o‘rtacha 2,5-3 million so‘m xarajat yotibdi. Biz shahar tibbiyot muassasalari miqyosida oyiga 5 mingdan ortiq shunday orderlar ajratdik va statsionar muassasalarga taqsimladik.
Shunday qilib, yil davomida ilk bor imtiyozga ega bo‘lmagan 60 ming nafardan ortiq fuqaro budjet mablag‘lari hisobidan kafolatlangan rejali statsionar davolanishga erishiladi. Ushbu o‘rinlar soni ehtiyojdan kelib chiqqan holda, strukturaviy o‘zgarishlar asosida o‘rin joylarni va kerakli bo‘limlarni kengaytirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasida Respublika muassasalariga bo‘lgan murojaatlar keskin kamayishiga erishiladi», deya Anvar Alimovning so‘zlarini keltirmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.















