Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayev «shubhali shaxslar» bilan aloqadorlikda gumonlanib, 11 dekabrga o‘tar kechasi Istanbulda qo‘lga olingan edi. Jurnalistga nisbatan gumonlar o‘z tasdig‘ini topmagach, 33 kundan so‘ng ozod etildi.

Kun.uz'ning Turkiyadagi muxbiri jurnalist bilan suhbatda bo‘ldi.

Hibsda ekaningizda turli gumonlar, fikr-mulohazalar yangradi. O‘ylaymanki, bugungi suhbatimiz bu fikr-mulohazalarga birinchi shaxs tilidan oydinlik kiritib beradi. Xo‘sh, o‘sha kun aslida nima bo‘lgandi?

– Avvalo, bir narsaga oydinlik kiritib olish kerak. Voqea muhimmi, voqea atrofidagi fikrlar muhimmi? Har doim nisbiy narsa ikkinchi planga tushaveradi. Bu yerdagi real narsa – bu voqeaning sodir bo‘lgani.

Voqea haqidagi har qanday fikr – xoh ijobiy bo‘lsin, xoh salbiy bo‘lsin – hammasi nisbiy fikrlardir. Masalan, kimdir meni ko‘kka ko‘targan bo‘lsa, «U yaxshi edi» degan bo‘lsa, bu nisbiy fikr. Kimdir istaganicha mag‘zava ag‘dargan bo‘lsa, bu ham nisbiy fikr.

Lekin men uchun haqiqat – bu voqeaning sodir bo‘lgani. Nima uchun sodir bo‘ldi, qanday sodir bo‘ldi? Nega bo‘ldi? Nega men bilan bo‘ldi? Men bir inson o‘laroq, o‘zimga bu savollarni berdim, lekin hozirgacha to‘liq bir javob olganim yo‘q.

Masalan, «Mana shuning uchun bo‘ldi» degan gapni hech kim menga aytgani yo‘q. O‘zimning shaxsiy umumiy xulosam shuki, «Bir tekshirib ko‘raylik, bu odam kim?» degan bir savol qo‘yilgan bo‘lsa, mening ishtirokimsiz tekshirib ko‘rishdi. Nega mening ishtirokimsiz? Chunki meni so‘roq qilishgani yo‘q. So‘roq qilish uchun bir sabab, bir jinoiy ish bo‘lishi kerak. Unaqa holat yo‘q. Shunchaki, bir tekshirib ko‘raylik deb, oxirigacha tekshirib, ko‘ngillari xotirjam bo‘ldi.

Chiqayotganimda so‘radim: «Oxir-oqibat, aytarsizlar nega men bir oydan ortiq bu yerda qoldim?» desam, «Nima qilasan so‘rab, hayotingni davom ettiraver», deyishdi.

Bir jurnalist sifatida bu yerda (Turkiya – tahr.) ham, O‘zbekistonda ham bir qadar tanildim, desam haddimdan oshmagan bo‘lsam kerak. «Buni bir tekshirib ko‘raylik, o‘zimizning xavfsizligimiz uchun» deyishgan bo‘lsa, nur ustiga nur. Mana, tekshirib ko‘rishdi. Men ham men haqimdagi har xil gumonlardan qutuldim, deb o‘ylayman.