Time jurnali Jo Bayden AQSh prezidenti bo‘lganidan keyin chiqargan ilk soniga ajoyib muqova tanladi. Unda to‘zib yotgan oval kabinet va o‘ychan Bayden tasvirlangan. Ya'ni, muqovada Baydenga Trampdan chinakam tartibsizlik uyasi meros qolgani hikoya qilingan. Aslida ham shunday. Shu sabab Bayden ishni Trampning qarorlarini bekor qilishdan boshladi.

Demokrat Jo Baydenning prezidentlik saylovidagi g‘alabasini butun dunyo xursandchilik bilan kutib oldi. Chunki Tramp prezidentligi davrida dunyo xuddi porox ustida turgandek edi. Dunyo siyosatida hal qiluvchi bo‘lgan mamlakat rahbarining bu qadar tushunarsiz va ehtiyotsizlik bilan harakat qilishi barchani xavf ostida qoldirayotgandi. Yangi prezident Jo Bayden ishni Trampning g‘alati qarorlarini bekor qilishdan boshlashi kutilayotgandi. Chindan shunday bo‘ldi. Demokrat nimalarni bekor qilishga ulgurdi?

«Hoziroq ishga kirishaman»

Bayden prezident sifatida qasamyod qilgach, ko‘p gapirishga vaqt yo‘qligini, tezda ishga kirishishini aytdi. Oval kabinetga borishi bilan ishga kirishgan demokrat ishni musulmon davlat fuqarolariga kiritilgan cheklovni bekor qilishdan boshladi. Trampning tashabbusi bilan kiritilgan cheklovga ko‘ra, ko‘plab musulmon davlatlar fuqarolariga AQShga kirish taqiqlangandi. Bayden bu cheklovni bo‘lmag‘ur deb atadi. Endilikda AQShga kirish uchun hech qanday ortiqcha cheklov bo‘lmaydi va kirib-chiqish odatiy viza asosida amalga oshiriladi. Bayden musulmon davlat fuqarolariga AQShga kirishni taqiqlash mamlakat milliy vijdoniga zid ekanini, xavfsizlik iddaosi bilan odamlarning e'tiqodini kamsitish to‘g‘ri emasligini ham aytdi.

Meksika bilan chegarada devor qurilmaydi

Trampning eng g‘alati qarorlaridan biri Meksika bilan chegarada devor qurish edi. U saylovoldi kampaniyasi doirasida migrantlardan bezor bo‘lgan odamlar ko‘nglini olish uchun Meksika bilan o‘rtada devor qurish taklifini bergandi. Keyinchalik bu qaror hukumat orasida ham ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘lgan. Kongress bir necha marta devor qurilishiga pul ajratishni rad etgandi. Bayden birinchi ish kunida Meksika bilan o‘rtada devor qurilishini ham bekor qildi. Tramp prezidentlik davrida bu devor qurilishi boshlab yuborilgandi.

Parij kelishuviga qaytish

Trampning yana bir shov-shuvli qarori AQShning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi edi. 2017 yilda Tramp sensatsion tarzda shunday qaror qabul qilgandi. Dunyoning katta davlatlari imzo chekkan bu kelishuvga ko‘ra, mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rishi kerak. Tramp esa shartlar AQSh uchun Xitoydan keskinroq bo‘lgani sabab mamlakat undan chiqib ketishini ma'lum qilgandi. «Meni Parij emas, Pitsburg fuqarolari nomidan gapirish uchun saylashgan», degandi bu haqda Tramp.