Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga chiqindilarni saralash ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Bu – «Qiziqarli chiqindi» didaktik o‘yini orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda loyiha pilot bosqichida amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Bu haqida Maktabgacha ta'lim vazirligining tizimda ekologik ta'lim va ekologik madaniyatni rivojlantirishni joriy etish bo‘yicha pilot loyiha mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Dastur Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, SVB Advisory Britaniya – O‘zbekiston barqaror rivojlanish kompaniyasi va Hashar Week ijtimoiy loyihasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shinga ko‘ra, loyihaning pilot bochqichi Toshkent shahridagi 13ta bog‘chada o‘tkazilmoqda.

«Hozirgi kunda ekologik muammolar global masshtabda ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ekologik tarbiyani maktabgacha ta'lim tashkilotlarida joriy qilish ham muhim.

Jon Makgregor va Agrippina Shin

Pilot bosqichida loyiha bilan 4069 nafar bola va ularning ota-onalari qamrab olingan. Dastur 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Dastur samaradorligini ta'minlash maqsadida pilot loyihada ishtirok etayotgan 13ta MTTning 50 nafar tarbiyachisi uchun 2020 yilning dekabr oyida o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Bunda tarbiyachilar bog‘cha yoshidagi bolalarning ekologik ta'limi doirasida xulq-atvor psixologiyasi texnikalarini o‘zlashtirishdi.

Loyiha keyinchalik respublikaning barcha hududlaridagi bog‘chalarda tatbiq etilishi rejalashtirilgan», – dedi vazir.

Hashar Week ijtimoiy loyihasi muallifi va rahbari Suna Park chiqindilarni saralashni bolalarga o‘rgatish jarayoni qanday kechishi haqida ma'lumot berdi.

Suna Park, Hashar Week ijtimoiy loyihasi muallifi

«Bolalarga qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan chiqindilar haqida kichik ma'ruzalar shaklida ma'lumot beriladi. Bolalar toza ekologik mahsulot bo‘lgan o‘yinchoq qutilarga O‘zbekiston sharoitida eng ko‘p uchraydigan maishiy chiqindilar nomi ko‘rsatilgan kartochkalarni qog‘oz, plastik va qayta ishlanmaydigan chiqindilarga saralab tashlashni mashq qilishadi.