Saidbek Arislonov 27 yoshda. Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maxsus ta'limni tibbiyot yo‘nalishida olgan bo‘lsa-da, hozirda AQShda MasterCard kompaniyasida full-stack dasturchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Saidbekning «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida ofitsiant yordamchiligidan senior dasturchilikkacha bo‘lgan yo‘li, AQShda dasturchilar qancha daromad ko‘rishi, sohasining murakkabliklari haqidagi fikrlarini taqdim qilgan edik. Intervyuning ikkinchi qismida Kremniy vodiysidagi muhit, jamiyatga foyda keltirish va ustuvorliklarni to‘g‘ri belgilay olish xususida so‘z boradi.
«Kremniy vodiysidagilar ham o‘qishni tavsiya qilishadi»
— Ko‘pchilik dasturchi bo‘lish uchun oliy ma'lumot kerakmi-yo‘qmi, degan savol bilan qiziqadi. Bizda odamlar universitetga oliy ta'lim emas, diplom uchun kirishadi. Chunki kattalar shunaqa shart qo‘yishadi.
Universitetga kirishni men ham tavsiya qilaman. Kremniy vodiysiga borib gaplashganimda, ular ham oliy ta'limda o‘qishni doim tavsiya qilishadi. Chunki bunda noldan boshlab o‘rgatiladi, birov tepangizda turib o‘rgatadi. O‘zi izlanganda esa ko‘pchilik dangasalik qiladi.
Avvalo sohamni o‘rganaman deb niyatni to‘g‘ri qilish kerak. Nomi uchun, diplom uchun o‘qishga kirish kerak emas.
Marketga rezyume qo‘yganimda bir startapdan aloqaga chiqishdi. Universitetlarni bitirib ketganlar haqida ma'lumot jamlasharkan. Ma'lumotni yig‘ib, statistika chiqarib berishadi. Bu muayyan universitetni bitirib chiqqanlarning qanchasi ishga kirdi va qanday ishga kirdi degan savollarga javob bo‘ladi. Hamma bunga pul tikishga tayyor. Qaysi universitetning bitiruvchilari natijalari baland bo‘lsa, maqomi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Statistikasi ham halol bo‘ladi. Yana ham yaxshiroq ishlashga, zo‘r ta'lim berishga harakat qiladi.
«Dinga xizmat qilish faqatgina diniy bilim bilan bo‘lmaydi»
— «Ummatga qanchalik kerakli ekanliklaringizni bilganlaringda, uxlamasdinglar», deyilgan. Bu hammaga tegishli. Maqsadlar borasida shunchalik maydalashib ketganmizki, katta narsalar qolib ketyapti.
Dinga xizmat qilish faqatgina diniy bilim bilan bo‘lmaydi. Boshqa sohada ham din uchun xizmat qilsa bo‘ladi. Misol, mening qo‘limdan keladigani dasturlash. Mana shu qobiliyatim bilan dinimga xizmat qilaman deb o‘ylaganman. Hali maqtanadigan hech narsam yo‘q. Lekin kichik qadamlar bilan bo‘lsa ham boshlab oldim. Odamga shijoat beradigan narsa – ummatga keraklilik hissidir.

















