APL. 21-tur

30 yanvar (shanba)

ARSeNAL – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Sulsher yangi murabbiy etib tayinlanganida, 13 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyani amalga oshirgan va faqat Londonda «Arsenal» bu yurishga chek qo‘ygandi. Xuddi shunday holat joriy mavsumda ham yuz berishiga yaqin qolgandi, ammo o‘tgan turda «Sheffild» «Old Trafford»da g‘alaba qozondi va «Yunayted»ning 13 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘yildi. Ammo Arteta shogirdlari yana bir seriyani to‘xtatishlari mumkin – roppa-rosa bir yildan beri «MYu» safarda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti.

«Arsenal»ning ham o‘z muvaffaqiyatli seriyasi bor, jamoa 7 o‘yindan beri APLda yutqazmayapti. To‘g‘ri, orada «Kristal Pelas» bilan nursiz durang, kubok bahsida «Sauthempton»dan mag‘lubiyat umumiy taassurotni buzib turibdi, ammo «Arsenal» so‘nggi bir oyda ancha o‘ziga kelib olganini bemalol payqash mumkin. Artetaning iste'fosi haqidagi fikrlar chekindi, endi jamoa yevrokuboklar, hatto YeChL o‘rinlari uchun ham bemalol kurashishi mumkin.

Tarkiblarga to‘xtalsak, mezbonlarda Sebalos, Tirni kabi futbolchilar jarohatda, shuningdek, Obameyangning maydonga tushishi so‘roq ostida. Ammo Partining maydon markaziga qaytgani «Arsenal»ning imkoniyatlarini oshiradi, zero birinchi davradagi o‘yinda aynan ushbu futbolchi hal qiluvchi vazifalarni bajargandi. «Yunayted» tarkibida barcha futbolchilar safda, hatto kichik jarohat tufayli o‘tgan o‘yinlarda qatnasha olmagan Bayi va Lindelof ham o‘yinga tayyor. «Sheffild» bilan o‘yinda ba'zi o‘yinchilarning o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘yin ko‘rsatganini e'tiborga olsak, Sulsher tarkibda va taktikada bir qator o‘zgarishlar qilishi ham tabiiy.

Xullas, aslida shuncha gap ortiqcha, turnir jadvali, so‘nggi paytlardagi sport formasi, tarkibdan qat'i nazar, axir bu «Arsenal» va «Yunayted» – ingliz futboli klassikasi, shunday emasmi? Tabiiyki, bizni kurashlarga boy, shiddatli uchrashuv kutib turgani shubhasiz. Yana bir qiziq fakt – Sulsher murabbiy sifatida hali Artetani mag‘lubiyatga uchrata olgani yo‘q. Ikki o‘yinda ham londonliklar gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishgan. Yaqinda norvegiyalik mutaxassis Kloppga qarshi mana shunday noxush an'anaga chek qo‘yganini e'tiborga olsak, balki Arteta to‘sig‘i ham zabt etilar?

 30 yanvar (shanba)