O‘zbekiston | 18:44 / 06.02.2021
61304
4 daqiqa o‘qiladi

AOKA «Hukmdor Usmon» seriali namoyishi to‘xtatilishi bilan bog‘liq xabar yuzasidan munosabat bildirdi

Agentlik munosabatida serialning efirdan olinishiga sabab bo‘lgan omillar va uning qayta efiri uchun nima qilinishi kerakligi borasida so‘z boradi.

4 fevral kuni Kun.uz saytida «Hukmdor Usmon» serialining «Mening yurtim» telekanali efiridan olinishiga oid xabar e'lon qilingan edi. 

Unda telekanalning shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan vakili teleserial namoyishi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning bevosita aralashuvi (xati) bilan to‘xtatilgani haqida ma'lumot bergandi.

Kecha, 5 fevral kuni AOKA matbuot xizmati vakili ushbu xabar yuzasidan Kun.uz’ga agentlikning munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra, «Mening yurtim» telekanalida serial namoyishining to‘xtatilishiga haqiqatda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev va AOKA raisi Asad Xo‘jayevning xati asos bo‘lgani oydinlashadi.

«Ammo bunga asos bo‘ladigan sabablar bor. Keling boshidan tushuntiraman.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 2020 yil 2 dekabr kuni agentlikka xat yo‘llangan. Unda «Mening yurtim» telekanali orqali Turkiya respublikasida suratga olingan «Hukmdor Usmon» nomli serial efirga uzatilayotgani, unda turk va vizantiyaliklar orasidagi ixtiloflar diniy omillar orqali aks ettirilishi tufayli nasroniylarga nisbatan salbiy munosabat alomatlari, shuningdek, maishiy hayotda shar'iy jazolarni qo‘llash, jihod va shahidlik tushunchalarining noto‘g‘ri talqin qilinishiga turtki bo‘ladigan lavhalar borligi aytilgan.

Shu bilan birga, ushbu xatda qo‘mitaning ekspertlik guruhi mazkur serial davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazmasdan efirga uzatgani ma'lum qilingan.

Biz tegishli qaror talablari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita murojaatidan kelib chiqib, telekanal tomonidan efirga uzatilayotgan bu serial monitoringini o‘tkazdik.

Monitoringda ma'lum bo‘ldiki, telekanal serialni namoyishidan avval davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazmagan. Ular faqat o‘z badiiy kengashi qarori bilan ish ko‘rgan.

Ma'lumki, respublika hududida diniy materiallarning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilmasdan tarqatilishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan «Diniy materiallarni davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga ziddir. 

Biz mana shular haqida telekanalni ogohlantirdik va undan keyin qilinadigan ishlar haqida axborot so‘radik, efirdan «olib tashla» degan gap yo‘q. 

Ammo buning uchun serial Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda (rasman xat kiritish yo‘li bilan) turli marosim va aqidalar bilan bog‘liq sahnalardan «tozalanishi» kerak. Bu ham majburiy emas, shunchaki tavsiya etiladi. Telekanal mazkur serialni qayta namoyish qilishi mumkin», – dedi matbuot xizmati vakili Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, turk va o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan, tarixiy faktlarga asoslangan «Hukmdor Usmon» seriali O‘zbekistonda namoyish etila boshlaganidan 2 hafta o‘tib, 2020 yil 17 dekabrda efirdan olingan edi.

Mavzuga oid