O‘zbekiston | 19:30 / 04.02.2021
70002
5 daqiqa o‘qiladi

«Hukmdor Usmon» seriali namoyishi tiklanmadi. MY5 telekanali vakili bunga AOKAning xati sabab bo‘lganini aytmoqda

MY5 telekanalida namoyishi uzoq davom etmagan «Hukmdor Usmon» seriali AOKA va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning talabi bilan efirdan olingan bo‘lishi mumkin. Avvalroq Azon.uz sayti tahririyati Dilshod Eshnayevdan bosim bo‘lgani haqida ma'lum qilgandi.

«Hukmdor Usmon» seriali O‘zbekistonda namoyish etila boshlaganidan 2 hafta o‘tib, 2020 yil dekabrida efirdan olingan edi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, efir to‘xtatilishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev va AOKAning xatlari sabab bo‘lgan.

Serial 2020 yil 30 noyabr kuni «Mening yurtim» telekanali orqali efirga uzatila boshlagandi. Oradan ikki hafta o‘tib, 16 dekabr kuni namoyish to‘xtatib qo‘yildi. Efirning ushbu vaqtida ketgan boshqa bir serial davomida bu holat «texnik nosozlik» degan titr bilan izohlandi.

Oradan 2 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu «texnik nosozlik» bartaraf etilmadi, ya'ni «Hukmdor Usmon» efirga qaytarilmadi.

«Mening yurtim» telekanali direktori Nozim Qodirov Kun.uz bilan suhbatda serial namoyishi nega to‘xtatilganiga izoh bera olmasligini bildirdi. Ammo u telekanal serialni namoyishga tayyorlash uchun anchagina xarajat qilganini ta'kidladi.

«Serialni uni suratga olgan prodyuserlik kompaniyasidan qonuniy shartnoma asosida sotib olgandik. Unga to‘lanadigan pul, tarjima, montaj va boshqa ishlar uchun jami 3 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘imiz ketdi», – dedi MY5 telekanali direktori.

Telekanalning shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan Kun.uz'ga gapirgan boshqa bir vakiliga ko‘ra, teleserial namoyishi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning bevosita aralashuvi bilan to‘xtatilgan.

«Texnik nosozlik deyishdi. Aslida bu qanday nosozlik ekanini aytolmaydigan qilib qo‘yishgan.

Teleserialni to‘xtatish bo‘yicha telekanalga rasmiy xat AOKAdan yuborilgan. Unga esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevning serialni to‘xtatish bo‘yicha AOKAga yuborgan xati asos bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Boshliq (direktor Nozim Qodirov nazarda tutilmoqda – tahr) AOKAga serial diniy mazmunda emasligi, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ko‘rsatilgan diniy materiallar serialda ko‘rsatilmagani haqida javob xati yuborgan.

Unda shuningdek, serialning falsafasi, voqealar rivoji diniy targ‘ibot maqsadida bo‘lmagani, dinning arkonlari ko‘rsatilmagani, faqatgina tarixiy, muxlislarga qiziqarli serial ekanini ham yozgan.

Xullas, teleserial namoyishi to‘xtatilishida OAVning himoyachisi bo‘lishi kerak bo‘lgan AOKAning ham qo‘li bor. Ishxonada hamma asabiy yuribdi. Axir shuncha pul, katta jamoaning shuncha mehnati sarf bo‘lgan. Serial tarbiyasiz bir film bo‘lganida boshqa gap edi», – dedi Kun.uz gaplashgan telekanal mutasaddilaridan biri.

Manbaga ko‘ra, MY5 telekanalining xatiga rasmiylardan javob bo‘lmagan, serial esa to‘xtatilgan.

Ta'kidlash lozim, hukumat huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari, muqaddam DXX tizimida ishlagan Dilshod Eshnayev kuni kecha ham jamoatchilik diqqat-markaziga tushgandi.

Dilshod Eshnayev / UzReport telekanali efiridan kadr

Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak tahririyatga Dilshod Eshnayevdan bosim va tahdid bo‘lgani, saytdagi ikki maqolani o‘chirish talab etilganini ma'lum qilgan edi.

Diniy qo‘mita bosh muharrirning so‘zlarini rad etdi. Qo‘mita bayonotida Dilshod Eshnayev Azon.uz muassisi Mubashshir Ahmadni haqorat qilgani masalasi ochiq qoldirilgan.

Kun.uz'ning Diniy qo‘mita matbuot xizmati va bevosita Dilshod Eshnayevning o‘zi bilan bog‘lanishga urinishlari samarasiz bo‘lmoqda.

  • Ma'lumot uchun, turk kinoijodkori – prodyuser Mehmet Bo‘zdag‘ tomonidan suratga olingan «Hukmdor Usmon» (Kurulush Osman) teleserialida Kichik Osiyo, Bolqon, Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika, qisman Kavkaz va Qrimda hukmronlik qilgan (1299–1920 yillar) turk sultonlari sulolasi – Usmoniylar imperiyasining paydo bo‘lishi haqida hikoya qilinadi.
  • Filmda bir qator o‘zbek aktyorlari – Akbarxo‘ja Rasulov, Ma'ruf Otajonov, Jamshid Saratov, Tohir Saidov va Akmal Mirzo ham rol ijro etgan.

Mavzuga oid