ASTON VILLA – ARSeNAL (6 fevral, 17:30)

So‘nggi bir oyda «Arsenal»ning natijalari sezilarli yaxshilangan bo‘lsa-da, jamoa butunlay barqaror yo‘lga tushib oldimi yoki bu hali yolg‘onchi tasavvurmi, payqash oson bo‘lmayapti. Qatorasiga to‘rt g‘alabadan so‘ng, «Kristal Pelas» bilan durang va Angliya kubogidan chiqib ketish ro‘y berdi. «Yunayted» bilan durang hech qanday savolga javob bermagan bo‘lsa, «Vulverhempton» safarini ham shunday o‘yinlar toifasiga kiritish mumkin, zero bu o‘yinning birinchi bo‘limini «Arsenal» to‘liq ustunlikda o‘tkazgan, hisobni ochgan, faqat bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Luizning qizil kartochka olishi va penaltiga sababchi bo‘lishidan so‘ng, barchasi o‘zgarib ketgandi. Hozir esa, Arteta shogirdlari shunday chegarada turibdilarki, fevraldagi o‘yinlar jamoani yo yevrokuboklar uchun kurashga qo‘shadi, yoki butunlay o‘rtamiyonaga aylantiradi. Ha, bir paytlar ingliz top-klublari uchun Yevropa Ligasi yarashmasdi, ammo hozir, Angliyada kuchli jamoalar ko‘paygan paytda, har doim ham Yevropa Chempionlar Ligasi ochiq emas. Bir paytlar Arsen Vengerning doimiy to‘rtinchi o‘rni ustidan kulishgan bo‘lsa, hozirda bu o‘rin uchun jamoa ancha muvaffaqiyatli mavsum o‘tkazishi shart.

«Aston Villa» o‘tgan yilning oxirigacha ancha kuchli o‘yin namoyish etgan, hatto bir muddat yo‘qotilgan ochkolar borasida peshqadam ham edi. Ammo qatorasiga ikki o‘yini koronavirus tufayli qoldirilishi jamoaning o‘sha ritmini yo‘qotib qo‘ydi. «Manchester Siti» kabi jamoalar uchun tanaffus ayni muddao, bu muddatda dam olish va kerakli tuzatishlarni amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Ammo bir tarkib bilan yuqori kayfiyat va ritmda muvaffaqiyat bilan ketayotgan «Aston Villa» uchun hammasi teskari ishladi. To‘g‘ri, raqiblar ham anoyi emasdi – «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Manchester Siti», so‘nggi o‘yinlarda yaxshi formaga kirgan «Vest Hem»...

O‘yin oldidan mezbonlarda yo‘qotishlar yo‘q. «Arsenal»da esa, Mari, Tirni, Gabriyel kabi yo‘qotishlar yetmagandek, o‘tgan turda Luiz va Leno diskvalifikatsiyaga uchradi. Runarssonning ancha ishonchsiz o‘ynashini e'tiborga olsak, aynan germaniyalik posbonning yo‘qligi ko‘proq bilinsa kerak.

Darvoqe, birinchi davrada «Old Trafford»dagi g‘alabadan so‘ng, «Arsenal» o‘z maydonida aynan «Villa»ga 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan va shu tariqa londonliklarning sakkiz o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasi boshlangandi.

YuVeNTUS – ROMA (6 fevral, 22:00)

«Yuventus»ning so‘nggi yillardagi chempionlik mavsumlarida har doim ham oson bo‘lmagan. Masalan, Sarrining «Napoli»si bilan so‘nggi turgacha davom etgan poygani eslash mumkin. Ammo bu safargisi biroz boshqacha. O‘shanda ikki jamoa deyarli ochko yo‘qotmasdan manzil tomon yurishgan bo‘lsa, hozir har qanday o‘yinda, har qanday jamoa ochko yo‘qotishi mumkin – bu esa chempionatni yanada qizdiradi. «Yuventus» bu mavsumda «Fiorentina», «Benevento», «Verona», «Krotone» kabi jamoalar bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotib ulgurdi. Bunday sharoitda Milan jamoalari «Roma»dan umid qilishlari ancha mantiqli holat.