O‘n yillar davomida Turkiya uyg‘urlar uchun diniy va siyosiy qatag‘onlardan asosiy boshpana bo‘lib kelgan. Ammo so‘nggi vaqtlarda uyg‘urlarning Turkiyada hibsga olinishi ko‘paygani, Pekin bilan diplomatik aloqalarning yaqinlashuvi va ekstraditsiya kelishuvi tuzilayotgani ortidan, uyg‘urlar bu mamlakat ortiq ular uchun boshpana bo‘la olmasligidan xavotirda, deb yozadi The Wall Street Journal.
Uyg‘urlarning Turkiyada terrorizm bilan ayblangan holda hibsga olinishi bir necha yillardan beri kuzatilayotgan bo‘lsa-da, oxirgi oylarda bunday holatlar ko‘paygan. O‘xshash voqealardan oxirgisi 18 yanvar kuni ro‘y berdi: Istanbul politsiyasi aksilterror operatsiya doirasida uch nafar uyg‘urni qo‘lga olgan.
«Hozir xavotirdamiz. Kechalari xotirjam uxlay olmayapmiz. Ilk bor kelganimizda Turkiya bizni quchoq ochib kutib olgandi. Hozir esa turmush o‘rtog‘imni yana Xitoyga deportatsiya qilishlari mumkinligidan hadikdaman», deydi qo‘lga olinganlardan biri – Abdulla Metseydining rafiqasi Melike.
24 yoshli Melike Xitoydan Turkiyaga 2014 yilda, o‘z e'tiqodini saqlab qolish maqsadida kelgan. Melikening aytishicha, u eri bilan Xitoyning Istanbuldagi konsulligi oldida namoyishda ishtirok etgan. Eri esa uch yil avval Suriyada bo‘lib turgan ukasi bilan muloqot qilgan, bu – terrorizmda ayblanish uchun dalil sifatida foydalanilishi mumkin.
Melikening aytishicha, ofitserlardan biri erini Xitoyga qarshi harakatlar olib borganlikda ayblagan. Abdulla hozirda deportatsiya markazida saqlanmoqda.
Ichki ishlar vazirligi holat bo‘yicha so‘rovlarga izoh bermay kelmoqda.

«Kasbga o‘qitish markazlari»
Turkiyada yashayotgan uyg‘urlarning aksariyati Xitoyning shu millat vakillari istiqomat qiluvchi Shinjon viloyatida olib borayotgan qatag‘on siyosatidan qochib kelishgan.
So‘nggi yillarda Shinjonda Xitoy hukumati musulmon ozchiligini doimiy ta'qib qilish maqsadida yuqori texnologiyali kuzatuv va lagerlar tizimini yo‘lga qo‘ygan.
Rasmiy Pekin dastlab Shinjonda internatsiya qilinganlar uchun lagerlar borligini inkor qilib kelgan. Keyin esa ularni radikallashuv va kambag‘allashuvga qarshi kurash uchun «kasbiy o‘qitish markazlari» deya izohlashga o‘tdi.


















