Toshkent shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. Ushbu markaz Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Shifokorlarning aytishicha, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan bu tibbiyot muassasasida hozirgacha faqat chet elda qilingan murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

«Markazning 100 dan ortiq vrach va hamshiralari, medtexnik va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar bir yil davomida Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytishdi. Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, gemodializ, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya va reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazda kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish, yiliga 1 500 dan ko‘proq murakkab va noyob amaliyotlarni bajarish imkoniyati mavjud.

Markaz magnit rezonans tomografiyasi, multispiral kompyuter tomografiyasi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Chet elda davolanishi mo‘ljallangan bolalarning 95 foizini shu shifoxonada davolash mumkin. Bugungi kunda ijtimoiy muhofazaga muhtoj bolalarni chet elda davolash kerak bo‘lganda, o‘sha muolajani yurtimizda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Ularni davolash davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi», dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov.

Anvar Alimov

Markazda bolalar tibbiyoti yo‘nalishida innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirib borish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, telemeditsina orqali uzoq hududlardagi bolalarga ham yordam ko‘rsatiladi.