Kun.uz «Ilm, ehson bag‘rikenglik» mavzusida Azon.uz loyihasi asoschisi Mubashshir Ahmad bilan suhbat tashkil etdi.
Suhbat davomida Mubashshir Ahmad zamonaviy musulmon yoshlari haqida, musulmon xalqlarning ilm-fan borasida ortda qolishi, qalbning isloh bo‘lishi, taqvo haqidagi savollarga javob qaytardi. Shuningdek, dindagi bag‘rikenglik tushunchalari, islom jamiyatida boshqa dindagilarga munosabat haqida ham fikr yuritdi.
— Zamonamizning musulmon yoshlari qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak? Yoshlarimizning nimasidan ko‘nglingiz to‘lmaydi?
— Assalomu alaykum, bu juda ham katta savol deb o‘ylayman. Chunki ancha jihatlarga to‘xtalish kerak bo‘ladi. Lekin keyingi paytlarda meni qiynayotgan eng asosiy jihati nafaqat zamonaviy musulmon, balki xosroq qilib aytadigan bo‘lsak, zamonaviy o‘zbek musulmonining qaysi tomonlari qanoatlantirmaydi deyiladigan bo‘lsa – ilmga bo‘lgan munosabati, deb aytaman.
Insoniyat harakat qilishi mumkin bo‘lgan qaysi sohani olmaylik, o‘zbek millatidan shu sohani mukammal egallab yoki qattiq harakat qilib qandaydir darajalarga erishgan yoshlarni kam uchratamiz. Bor, lekin aholi soni, yoshlarning ko‘pligini hisobga olganda bu juda ham kam miqdorni tashkil qiladi.
Meni eng ko‘p qanoatlantirmaydigan jihati – ilmga bo‘lgan munosabat. Ikkinchisi, aynan shu ilmning yo‘qligi va kamligidan paydo bo‘ladigan muammo – bu oliy maqsadni oldinga qo‘ymaslik. Ya'ni shunchaki kunni o‘tkazsam bo‘ldi, tirikchilik qilsam bo‘ldi degan xayolda yashaladi.
Demak, oldiga oliy maqsad qo‘ymagani uchun ham ishlar ham o‘sha darajada kichik bo‘ladi. Juda maqsadni oliy qo‘yganda ham ilmsiz holatda chet elga borib ishlash, o‘sha yerdan biroz choychaqa yig‘ib kelib uy qurish, mashina olish, qo‘shnisida yoki biror boyning o‘g‘lida ko‘rgan bo‘ladi - o‘shani orzu qilib, o‘shanga ega bo‘lish bo‘ladi, xolos. Undan boshqa katta maqsadlar qo‘yilmaydi. Men buni ommatan aytayotganim yo‘q, lekin hozirda juda ko‘pchilik yoshlarning turmush tarzi shunaqa bo‘lgani uchun meni mana shu holat qoniqtirmaydi.
— «Azon» loyihasini ishga tushirib ko‘zlagan maqsadlaringizga qanchalik erishdingiz?
















