Joylarda 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorining qator bandlari ta'minlanmayotgani haqida xabar berildi. Shu kabi muammolarni ichidan biladigan va bevosita boshidan kechirayotgan respublika fan olimpiadasi g‘olibi, Samarqand shahridagi 77-umumta'lim maktabi direktor o‘rinbosari Bahrom Toshboyev ushbu qaror ijrosi yuzasidan taklif va e'tirozlarini bildirdi:

«Hamma narsani ham moddiy manfaat bilan o‘lchab bo‘lmaydi, albatta. Ammo qog‘ozdagi gaplar qog‘ozda qolib ketavermasligi ham kerak. Ya'ni, hukumat va davlat rahbarining qarori ijro etilishi lozim.

Demoqchi bo‘lganimiz, 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ta'lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan respublika va xalqaro olimpiada g‘oliblariga qo‘yidagi imtiyozlar belgilab qo‘yilgan:

g) ta'lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz;

asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.

Shuningdek, qaror mazmunida olimpiada g‘oliblarini rag‘batlantirib borish bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi tizimining belgilangan shtatlar soni doirasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etilib, mazkur qaror ijrosi 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi belgilab berilgan.

Afsuski, shu kungacha aksariyat hududlarda mazkur qaror ijrosi ta'minlangani yo‘q. Agar bu imtiyozdan kimdir foydalanayotgan bo‘lsa ham o‘zining shaxsiy tashabbusi, xatti-harakati, talabi bilan amalga oshgan. Bizningcha, qaror chiqarilgandan keyin departament mazkur toifaga kiruvchi pedagoglar ro‘yxatini shakllantirishi va ularning ushbu imtiyozdan foydalanishini ta'minlashi lozim edi. Prezident qarori ijrosi Xalq ta'limi vazirligida bajarilmas ekan, quyi tashkilotlardan nima ham kutish mumkin?