LeSTeR – LIVeRPUL (13 fevral, 17:30)

Aytish mumkinki, o‘tgan turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, «Liverpul» chempionlik poygasidan chiqib ketdi, zero 10 ochkolik farq, buning ustiga «shaharliklar»da bir o‘yin zaxirasi borligini e'tiborga olsak, bu farqni yo‘qqa chiqarish uchun «Liverpul»ning mukammal o‘ynashi kifoya qilmaydi. Endi «Manchester Siti»ning o‘ziga biror nima bo‘lishi kerak. Ikki yillik tanaffusdan so‘ng «Liverpul» yana eski dunyoga qaytmoqda – Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish. Bu rejim albatta, yengilroq, raqiblar ham «Siti» qadar barqaror emas, ammo ushbu o‘yindagi qoqilish bu kurashda ham jamoani qiynab qo‘yadi – birato‘la ikki jamoa «Liverpul»ni quvib o‘tishi mumkin. Umuman, «Lester» maydonidagi ochko yo‘qotish «Liverpul»ni yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha sakkizinchi o‘ringa tushirib yuborishi ehtimoli bor, buyog‘i endi hazil emas.

«Lester» ham o‘ziga yarasha mas'uliyatli davrda turibdi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda ham jamoa fevralgacha kuchli uchlikda borgan, ammo keyin pasayish ro‘y berib, yakunda beshinchi o‘rinni olishgandi. Ruhiy jihatdan bu albatta, o‘z ta'sirini o‘tkazadi, ayniqsa, quyidan «Liverpul» va «Chelsi» quvib kelayotgandagi bosimni yengish oson emas. Xullas, bu o‘yin Rojyers shogirdlari uchun ham o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarish, ham «Liverpul»ni yanada chuqurroqqa itarish uchun ayni muddao. Axir «Lester» oxirgi uch o‘yindan beri «Liverpul»ni yenga olmayapti, so‘nggi ikki o‘yin esa, Kloppning umumiy 7:0 hisobidagi ikki yirik g‘alabasi bilan yakunlangan.

«Liverpul»da jarohatlar sindromi davom etmoqda, Fabino yana jarohatlanganlar safiga qaytgan. Nabi Keyta va Jota mashg‘ulotlarga qaytayotgani aytilsa-da, oy oxirlarigacha ularni maydonda ko‘ra olmaymiz. Mezbonlar safida esa Ayoze Peres ikki haftaga safdan chiqdi. Ammo Jyeymi Vardining asta-sekin formaga qaytmoqda.

«Liverpul»ning so‘nggi ikki o‘yindagi ketma-ket mag‘lubiyatidan tashqari, diqqatni jamlashda muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillar bor. Birinchisi, kuni-kecha Yurgen Kloppning onasi vafot etdi va murabbiy karantin cheklovlari tufayli Germaniyaga ta'ziya marosimiga bora olmadi. Ikkinchisi, bu o‘yindan uch kun o‘tiboq, jamoa Chempionlar Ligasida «Leypsig»ga qarshi muhim o‘yinda maydonga tushadi. Mavsum boshidan Superkubok, Liga kubogi, Angliya kubogi va katta ehtimol APL kubogini boy berib bo‘lgan liverpulliklar sovrin yutish uchun so‘nggi imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasliklari kerak.   

MANCheSTeR SITI – TOTTeNHEM (13 fevral, 22:30)

«Manchester Siti»ning 15 o‘yindan iborat g‘alabali seriyasi, 22 o‘yinli mag‘lubiyatsiz yurishi haqida ko‘p gapirilmoqda. «Siti» hozirgi tasavvurlarga shu darajada o‘rgatib qo‘ydiki, bu yurish aslida qayerdan boshlanganini unutib ham qo‘ydik. Eslaymiz – «Tottenhem» Gvardiola jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi va aynan shu o‘yindan so‘ng, Pep turli eksperimentlarga chek qo‘yib, natija uchun o‘ynashni boshladi. Chunki jamoa turnir jadvalining ikkinchi yarmiga tushib ketgan, peshqadamlar bilan oradagi farq oshib borardi. Pandemiya futboli davrida yuqori tempni ushlab turish futbolchilarga qiyin bo‘lishini tushungan murabbiy keyingi o‘yinlarga ancha pragmatik yondasha boshladi. Hatto «Old Trafford»dagi o‘yinda 0:0 hisobi Pepni qoniqtirganda ko‘pchilik tushunmay qolgandi ham. Uyog‘i ma'lum: yuqorida eslangan 22 o‘yinda «Manchester Siti» atigi 6 gol o‘tkazib yubordi, xolos. Faqat «Vest Bromvich» bilan o‘yinda o‘tkazilgan gol jamoaga qimmatga tushdi (1:1), qolgan 5 gol g‘alabali o‘yinlarda qo‘yib yuborilgan javob gollari edi. Endi esa, Manchesterga Londonning eng zo‘r «avtobusi» tashrif buyurmoqda. Xo‘sh, g‘alabali seriya boshlangan nuqtada turgan «Tottenhem» aylanani yopa oladimi?