Premer-liga. 23-tur

20 fevral (shanba)

LIVeRPUL – EVeRTON

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: UzReportTV

Birinchi davradagi «Liverpul derbisi»da balki butun mavsumga burilish yasagan voqea ro‘y bergandi. Jordan Pikford mehmonlar sardori Virjil van Deykka jarohat yetkazgan, buning oqibati hamon ta'sir qilishda davom etmoqda. Ko‘pchilik, «Liverpul»ning muammosi ko‘proq hujum chizig‘ida, gol kirita olmaslikda bo‘layotganini aytishi mumkin. Ammo shuni e'tiborga olish kerakki, Virjilning maydonda bo‘lishi jamoaning ikki qanot himoyachilari Roberson va Trentga ko‘proq imkoniyat yaratardi. Bu ikki futbolchining hujumkor harakat qilishi esa oldingi chiziqda qo‘shimcha o‘ylanmalar yaratar, himoyalanuvchi raqib vazifasini bir necha barobar og‘irlashtirib yuborardi. «Liverpul»ning juda ko‘p o‘yinlarda gol ura olmagani, Saloh va Manening omadsizliklari aslida aynan Van Deykning yo‘qligi bilan bog‘lanishi u qadar mantiqqa zid emas.

Lekin aynan derbi oldidan «Liverpul» kayfiyatini va o‘ziga bo‘lgan ishonchini qisman tiklab oldi, deyish mumkin. APLdagi qatorasiga uch mag‘lubiyatdan so‘ng, Chempionlar ligasida ancha kuchli bo‘lgan «Leypsig» safarda mag‘lubiyatga uchratildi. Inglizlarning ushbu uchrashuvda ancha tashabbus bilan va mazmunli harakat qilgani Klopp va shogirdlariga yana g‘alabali yo‘lga tushib olish imkonini bersa kerak. Aksincha, «Everton»ning ahvoli biroz og‘irlashdi – «Yunayted» va «Tottenhem»ga qarshi ancha sermahsul va shiddatli o‘yinlardan so‘ng, ikki marotaba mag‘lubiyat sodir bo‘ldi. «Siti»ga qarshi o‘yinni tushunish mumkin, «shaharliklar»ga hozirda hamma mag‘lub bo‘lyapti, lekin «Fulhem»ga qarshi uchrashuvni Anchelotti jamoasi ancha bo‘sh o‘tkazgandi.

O‘yin derbi bo‘lishidan tashqari, turnir jadvali, YeChL yo‘llanmalari uchun kurashda ham katta ahamiyatga ega. Hozirda har ikki jamoa kuchli to‘rtlikdan tashqarida bo‘lsa-da, u yerda bo‘lish uchun asosiy da'vogarlardan sanalishadi. Taxmin qilish mumkinki, YeChLda faqat ulardan biriga joy bo‘ladi, zero «Lester», «MYu», «Chelsi», «Tottenhem» kabi jamoalar ham mavsum oxirigacha kurashishlari tayin.

 «Liverpul»ning jarohatlar bilan bog‘liq muammolari davom etmoqda. Bu safar maydonga tusha olmaydiganlar safiga Milner va Fabino ham qo‘shilgan. Lekin yaxshi xabar – Nabi Keyta umumiy guruhga qaytgan va balki bu uchrashuvga tayyor bo‘lishi mumkin. Mehmonlar safida esa himoyachi Yyerri Mina sheriklariga yordam bera olmaydi.