Avvalroq saytimizda aholi murojaatining birinchi qismi — umumta'lim maktabini qaytadan qurish bo‘yicha davlat tomonidan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, qurilishni boshlash uchun yer yo‘qligi haqida reportaj e'lon qilgan edik.

Qishloq guzarida mahalla aholisi bilan uchrashganimizda ular o‘zlarini qiynayotgan boshqa muammolar, chunonchi, qishloqqa olib boradigan yo‘l nosozligi, bolalar bog‘chasi yo‘qligini ham ma'lum qilishgan edi.

Ha, qishloqqa olib boradigan asosiy yo‘l hamda ichki yo‘llarning nosozligi aholini qiynab kelmoqda. Rasmiylardan talab ham bitta — qishloqqa olib keladigan asosiy yo‘lni sozlab berish.

Mahalla faoli Rustamjon Inomjonovning bildirishicha, o‘tgan yili qishloq yo‘llarini ta'mirlash uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratilgan. Biroq bu mablag‘ asosiy yo‘l ta'miri uchun sarflanmagan. Mahallaning ayrim asosiy ko‘chalariga shag‘al yotqizilib ketilgan. Qolgan ichki mahallalar esa aholi mablag‘idan shag‘allashtirilgan.

 «Qishlog‘imiz tumanimizning eng chekka qishloqlaridan. Qishloqda yo‘llar asfalt qilinmagan. Aholi o‘z puliga ko‘chalarga shag‘al to‘kkan. Bir narsani tan olib aytishimiz kerak: o‘tgan yili qishloqqa olib kiradigan asosiy yo‘lni asfaltlash uchun davlat tomonidan 25 mln so‘m pul ajratilgan. Keyinchalik rasmiylar turpoq yo‘llarni shag‘allash kerak, undan so‘ng asfalt qilinadi deb qaror chiqardi. Shu bo‘ldi-yu, qishloqning ayrim ko‘chalari shag‘allanib ketildi. Qolgan mahallalar o‘z shaxsiy mablag‘idan pul yig‘ib, ichki ko‘chalarni shag‘allashtirdi», – deydi mahalla faoli R.Inomjonov biz bilan suhbatda.

Yana bir muammo — qishloqda qishloq vrachlik punktining yo‘qligidir. Qishloqda birorta dorixona yo‘q. Eng yaqin dorixona qishloqdan 3 km uzoqlikda joylashgan.