AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Pensakola aviabazasida 2019 yil 6 dekabr kuni saudiyalik harbiy Muhammad ash-Shamraniy otishma sodir etgandi. U AQShga uchuvchilik malakalarini oshirishga kelgan bo‘lgan. Ash-Shamraniy otishma vaqtida 3 kishini o‘ldirgan va 8 kishini yaralagan. U voqea joyida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan.

Sudga arznoma voqea vaqtida halok bo‘lgan amerikaliklar ota-onalari  va jabrlangan harbiylar tomonidan berilgan. Ularning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni hukumati ash-Shamraniyni “Al-Qoida” terrorchilik guruhiga aloqador ekanligidan xabardor bo‘lgan. Ash-Shamraniyning “Al-Qoida”ga aloqasi borligi aniqlangani haqida 2020 yil may oyida o‘shandagi adliya vaziri Uilyam Barr ma'lum qilgan edi. Barr ta'kidlaganidek, otishma terrorchilik harakati bo‘lgan.

Arznomada ta'kidlanishicha, ash-Shamraniy AQSh bazasidagi boshqa saudiyalik harbiylarga otishma sodir etmoqchiligi haqida so‘z ochgan, biroq shundan keyin ham tegishli choralar ko‘rilmagan. Barr ta'kidlaganidek, ash-Shamraniy noqonuniy tarzda qurol sotib olgan va saqlagan.

Jabrlanuvchilar podshohlikdan sud belgilaydigan tovon pulining to‘lanishini talab qilishmoqda.