Jamiyat | 13:53 / 04.03.2021
5402
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi

Bugun, 4 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Erali Tug‘janov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida qo‘shni davlatning Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy ham bo‘lib, tashrif davomida yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtiriladi, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga e'tibor qaratiladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Ta'kidlash joizki, 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e'lon qilinishi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur'at, sifat va mazmun bag‘ishladi. Natijada qo‘shni mamlakat bilan tibbiyot, madaniyat, san'at, adabiyot, fan, turizm va boshqa ko‘plab sohalarda izchil hamkorlik olib borilmoqda. 

Bunday do‘stona tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida 2019 yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb e'lon qilindi. Ushbu tadbir doirasida yurtimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari o‘tkazilgan edi. 

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Xususan, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida muayyan kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi «O‘zbek farmatsevtika mahsulotlarini Qozog‘istonda to‘liq davra tamoyili asosida ishlab chiqarish» loyihasini ishlab chiqmoqda. 

Shuningdek, O‘zbekistondagi Dentafill plyus xususiy korxonasi Qozog‘istonning «Antustik» industrial iqtisodiy zonasi ma'muriyati bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Qo‘shni davlatda yurtimizning to‘liq ishlab chiqarish tamoyili asosida dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish korxonasini qurish uchun yer maydoni ajratildi, kommunikatsiya o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Har yili hamkorlikda tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish doirasida o‘zaro o‘quv safarlari tashkil etilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Tashrif davomida Qozog‘iston delegatsiyasi akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishgan va O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, bu yerda amalga oshirilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, jumladan, transplantatsiya jarayonlari bilan tanishishgan.

Shuningdek, delegatsiya a'zolarining Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, farmatsevtika kompaniyasi zavodi hamda xususiy klinikalarga ham tashrifi ko‘zda tutilmoqda. 

Delegatsiya a'zolari O‘zbekistonda kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy innovatsion usullar qo‘llanishi bilan yaqindan tanishishi ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, tashrif doirasida ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislari tibbiyotning turli yo‘nalishlarida yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlarni joriy etish, bu borada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish hamda dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qilishadi.

Mavzuga oid