Uzoq yillardan buyon Sharja shahrida yashab kelayotgan Nasiba Ishoqiy BAAga kelishi, dastlabki faoliyati turizm bilan bog‘liq bo‘lgani, oilasi va boshqa mavzularda so‘z yuritdi.

— Men Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bolaligim va yoshligim Toshkentda o‘tgan. Ziyolilar oilasidanman. Oilamning hamma a'zolari – ilm-fan, madaniyat, san'at bilan aloqador insonlar. Shuning uchun oilamiz a'zolari ilmni, san'atni qadrlashadi.

Otam Abdurahmon Eshonxo‘jayev – texnika fanlari doktori, professor; 25 yildan ortiq Toshkent avtomobil yo‘llari institutida kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Bir necha mukofotlar, shu jumladan Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi. Onam hozirda nafaqaxo‘r, boshlang‘ich sinflarga 30 yildan ortiq dars berganlar.

Maktabni tugatgach, hamma aka-opalarim singari men ham oliy ta'lim dargohiga o‘qishga topshirganman. Mutaxassisligim bo‘yicha injyener-iqtisodchiman. Oilada kenja farzandman, erkatoy. To‘rt farzandmiz, ikki akam va bir opam bor, – deya hikoya qiladi u.

«Mehnat faoliyatimni BAAda boshlaganman»

— Institutni bitirib turmushga chiqdim. Turmush qurishimiz an'anaviy tarzda, odatdagidek bo‘lgan, sovchi qo‘yib uylanganlar. Boshlang‘ich kursda unashtirilganmiz va o‘qishni tugatgunimcha kutdilar. U kishi Tojikistondan. Qarindoshmiz.

Diplom olganimdan bir hafta o‘tib, to‘yimiz bo‘lgan. O‘sha paytda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im shu yerda ishlardi va tabiiyki, men ham BAAga keldim. Kareramni shu yerda boshladim.

BAAga kelishimdan avval turmush o‘rtog‘im 2 yil bu yerda yashagan bo‘lganlar, shuning uchun ro‘zg‘orda qandaydir judayam katta qiyinchiliklarni o‘tkazmaganman. Albatta, hammamizda qiyinchiliklar bo‘ladi, menda hammasi yaxshi deydigan bironta odamni bilmayman; shunchaki qiyinchiliklar kimdadir ko‘proq, kimdadir kamroq. Lekin vaqt o‘tgani sari biz olg‘a harakatlanish uchun nimadandir voz kechishimiz kerakligini tushunib yetamiz. Hatto o‘zimiz yoqtirgan narsani qo‘yib yuborish kerakligini xam.

Men uchun eng qiyinchilik tug‘dirgan narsalar bu yaqinlarimga, ona yurtimga nisbatan sog‘inch tuyg‘usi edi. Lekin ertami-kechmi bularni boshdan kechirishimiz kerak edi, chunki har bir kishi o‘z yo‘lini bosib o‘tib, o‘z tajribasiga ega bo‘lishi kerak.

«BAA iqtisodiyoti gullay boshlagan paytlarda turizm sohasida ish boshlagandim»