Kroyf himoyasiga olgan, Gvardiolaga ishonch bildirgan
«Barselona»dagi prezidentlik saylovlari yakunlari kutilganidek bo‘ldi. Sobiq prezident, endilikda yovuzlik timsoliga aylangan Jozep Bartomeuning yaqin kishilaridan bo‘lgan Toni Freyshning mag‘lubiyati muqarrar edi. Yakunda 30 foizdan ortiqroq ovoz bilan ikkinchi bo‘lgan Joze Font saylovoldi kampaniyasi davrida bir muddat favoritga aylangandi, ammo keyin mulohazasizlik qilib bu mavsumda barcha sovrinlarni yutgan taqdirda ham Ronald Kumanni iste'foga chiqarishni va'da qilib qo‘ydi, keyin esa butun e'tiborini asosiy raqibini tanqid qilishga qaratdi.
Bu nomzodlar fonida Joan Laporta ajralib turardi - bunga uning o‘tmishi ham sabab edi. Ma'lumki, inson xotirasi salbiy lahzalarni ikkinchi planga o‘tkazib, ko‘proq yoqimli lahzalarga e'tibor qaratadi. Shunday ekan, hozirda Laportaning avvalgi boshqaruvi vaqtidagi mojarolarni ko‘pchilik eslamaydi - shunday mojarolar doirasida o‘sha vaqtda basketbol yo‘nalishiga mas'ul bo‘lgan Bartomeu ham iste'foga chiqqandi. Yoki «Barsa»ning boshqa bir sobiq prezidenti Sandro Rosselning Laporta demokratiya va'da qilib, haqiqiy shaxsga sig‘inish kultini o‘rnatgani haqidagi gaplarini hozir birov eslamaydi.
Fantastik natijalar va o‘sha vaqtdagi 200 million yevrolik qarz masalasi hal qilinishi barchasini yopib ketardi. Chindan ham, Devid Bekhemni sotib olish va'dasi bajarilmaganini eslashning nima keragi bor, axir «Real»ni tanlagan ingliz o‘rniga «Kamp Nou»ga Ronaldino kelgan bo‘lsa? «Barsa» u bilan ko‘plab sovrinlarni, shu jumladan, Chempionlar ligasini yutgandi, aynan Laporta Xosep Gvardiolaning murabbiylik dahosini ko‘ra olgandi va Joze Mourino nomzodini rad etgandi.
Qolaversa, Laportaning birinchi mart prezidentlikka kelishi Kataloniya klubi uchun muhim figura — Yoxan Kroyfning marhamati evaziga bo‘lgandi. Saylovlar kuniga oz vaqt qolganida niderlandiyalik afsona o‘zi kimga behad ishonishini aytgandi. Hayron qolarli joyi yo‘q, axir Laporta ko‘p yillar mobaynida Kroyfning shaxsiy advokati bo‘lib ishlagan, yangi lavozimida ham guruning tavsiyalariga amal qilib, klub sport direktori lavozimiga Chiki Begiristaynni tayinlagan. Bu shaxs esa ikki bor «Barselona»da yangi jamoa qura oldi, keyinroq «Manchester Siti»da katta loyihani amalga oshirdi, Laporta uni klubga olib kelishni prezidentligi davridagi eng yaxshi qarori deb atagan.
















