
Tadbirda bo‘lgan jurnalist Inobat Ahatovaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yig‘ilishga aksariyat jurnalistlar taklif asosida borgan va dastlabki hisobot qismida qatnashgan.
“Jurnalistlar uchun nisbatan zerikarli bo‘lgan hisobot qismida ishtirok etdik va bu jarayon bir soatdan ortiq davom etdi. Endi real muammolar tahliliga o‘tilib, savol-javoblar boshlanganida Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov tadbirni to‘xtatdi va jurnalistlar chiqib ketishini so‘radi. Biz hayron bo‘ldik, tadbirda sirli gaplar ham bo‘lmayotgandi, mavzu ham bugungi kunda muhim edi. Tashqariga chiqqanimizdan keyin matbuot kotibidan bunday yo‘l tutilishi sababini so‘radik, ammo biror izoh ololmadik”, – dedi “Xalq so‘zi onlayn” nashri muxbiri.

MY5 telekanali muxbiri Yulduz Olimova ham bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.
“Respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat rahbari tomonidan 6 mart kuni belgilangan vazifalar, uning ijrosi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan axborotlar tinglanishi ko‘zlangan edi. 1 750 nafar ishtirokchi uchun o‘tkazilayotgan videoselektorda respublika maxsus komissiyasi a'zolari - senat raisi Tanzila Norboyeva, prezident maslahatchisi Rustam Qosimov va federatsiya raisi Qudratilla Rafiqov ishtirok etdi. Hududlar kesimida olib borilayotgan ishlar yuzasidan odatiy hisobot ma'ruzalari bilan boshlangan tadbir endigina prezidiumdagilarning g‘ashiga tegib, konkret javoblar talab qilingan bir paytda, federatsiya raisi tomonidan Farhod Mahmudov orqali OAV vakillarining chiqib ketishi so‘raldi.
Eng qizig‘i, majlislar zalidan chiqqan jurnalistlar oldiga uyushma matbuot xizmati rahbari kelib, material efirga berilishi oldidan ularga ko‘rsatilib, ruxsat olish kerakligini uqtirdi. Shaxsan men bu taklifga rozi emasligim va bor ma'lumotni xalqqa xolis yetkazishim, bu jarayonga ularning aralashuvi noto‘g‘ri ekanini tushuntirishga kirishdim. Shundan so‘ng, matbuot kotibi tadbir tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Senat axborot xizmati xodimlari yoniga kelib, MY5, “Sevimli”, “Daryo.uz” va “Xalq so‘zi” muxbirlarini ular faoliyat yurituvchi tashkilot rahbarlariga chiqib, tiyib qo‘yishlarini so‘radi. Bunisi endi juda oshib tushdi”, – dedi telejurnalist.















