«2017 yil sentyabrdan buyon Yoshlar ittifoqi Koson tuman Kengashida tashkiliy kadrlar, axborot-tahlil masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis lavozimida ishlab kelar edim.
6 oylik homilador bo‘lishimga qaramasdan tuman Kengashining 2020 yil 29 avgustdagi farmoyishiga asosan men bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 97 va 100-moddalariga asosan, shtat jadvali qisqargani vaji bilan bekor qilindi», deydi Laziza Allayorova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
U bu tizimda 12 yildan buyon ishlab kelayotgani, jamoada va tuman yoshlari o‘rtasida obro‘-e'tiborga egaligi, ishdan Mehnat kodeksiga zid ravishda bo‘shatilgani va ishsiz qolishi o‘zi, qolaversa, homilasiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani hamda ruhan ezilib, moddiy va ma'naviy zarar ko‘rayotgani sababli 2020 yil 21 sentyabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumanlararo sudiga ishini tiklash va ma'naviy zararni undirish maqsadida da'vo arizasi bilan murojaat qilganini aytdi.
Ma'lum bo‘lishicha, da'vo ariza FIB Chiroqchi tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, 2020 yil 22 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra Laziza Allayorovani ishga tiklash, majburiy progul davri uchun 5,8 mln so‘m haq va 1 mln so‘m ma'naviy zararni undirish belgilangan.
- Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 237-moddasiga ko‘ra homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ammo, Koson tuman Majburiy ijro byurosi 4 oydan buyon sud qarori ijrosini ta'minlay olmayapti. Kun.uz muxbiri o‘zini «Shuhrat» deb tanishtirgan MIB xodimi bilan bog‘langanida, u bu ishni viloyat MIB hal etishi mumkinligi, Koson tuman MIB bu bo‘yicha sudga javob xati yuborayotganini ta'kidladi.
«Shu kunga qadar Koson tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari bir necha marta o‘zgardi. Shu bois meni ishga tiklashga oid ijro harakatlari ta'minlanmadi. MIB tuman bo‘limi mendan ijro varaqasini o‘z xohishim bilan qaytarib olishimni so‘radi», deydi L.Allayorova.
Masala yuzasidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Dilshod Usmonov ham izoh berdi.
«Ushbu holatda sud ijrosini ta'minlay olmayman. Tumanlarda 1 nafar xodim uchun shtat ajratilgan. Yoshlar ittifoqi xodimlari Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgani sababli qisqartirilgan. Tuman Kengashi shtatlar jadvali qisqargani sababli Mehnat kodeksining 97-, 100-moddalariga asosan ishdan bo‘shatilgan. Tashkilotimiz respublika kengashi tomonidan moliyalashtirilishi sababli moddiy zararni to‘lashga ham imkoniyatimiz yo‘q. Ushbu holat bo‘yicha amaliy yordam so‘rab markaziy kengashga xat yuborganmiz», deydi Dilshod Usmonov.














